“Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJning xabar berishicha Xitoy davlat holding kompaniyasi CRRC Group (“Xitoy temir yoʻl kompaniyasi”)dan Oʻzbekiston iqlim sharoitlari inobatga olinib, ishlab chiqarilgan yangi elektrovoz keltirilgan.

Yangi keltirilgan elektrovoz yuqori quvvatga ega 2 seksiyadan iborat 8 oʻqli yoʻlovchi va yuk elektrovozi boʻlib, uning quvvati 9,600 kVt ni tashkil etadi. Ushbu lokomotiv barcha ob-havo sharoitlarida ogʻir yuklar bilan ortiqcha qiyinchiliklarsiz harakatlana oladi. Texnik tavsifiga koʻra, mazkur turdagi lokomotiv tezlikni soatiga 120 kilometrgacha oshirishi mumkin. Lokomotivning ishlash muddati — 40 yil.

Elektrovoz TOSHIBA kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan TCMS zamonaviy nazorat-diagnostika tizimi bilan jihozlangan boʻlib, ushbu tizim elektrovozni ortiqcha yuklanishlardan, nosozliklardan himoya qiladi va mashinistga oʻz vaqtida xabar beradi.

Elektrovozdagi elektron uskunalarining, yuqori va past kuchlanishli elektr jihozlarining holati, tormoz, xavfsizlik, radioaloqa va boshqa tizimlarning sozligi boʻyicha monitor orqali koʻrsatib turadi. Agar safar davomida uskunalarda muammo aniqlansa, ushbu xabar ichki kompyuter monitoriga chiqariladi va bu yerda, shu bilan birga uni bartaraf etish choralari haqida maʼlumot ham beriladi.

Avvalroq Spot Toshkentga Xitoydan 20 ta “Yutong” elektrobuslari olib kelinganligi haqida yozgan edi.