UzAuto Motors 3-martdan boshlab Chevrolet Lacetti, Cobalt, Nexia va Spark avtomobillari uchun shartnomalar qayta tiklanishi haqida rasman ma’lum qiladi.

Barcha faktorlar, jumladan, xom ashyo va material narxining oshishi, logistika xarajatlarining sezilarli darajada qimmatlashishi va boshqa omillar avtomobillar tannarxining modelga qarab 1,8−3,1 ming dollarga oshishiga olib keldi.

Bozor tahlili natijalariga ko‘ra, shuningdek, xomashyo tannarxining oshishi, kommunal xizmatlar uchun tariflar, milliy valyutaning qadrsizlanishi va boshqa omillarni hisobga olgan holda, O‘zbekiston Respublika Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 30-martdagi 249-sonli qaroriga muvofiq, UzAuto Motors 2022-yil 3-martdan boshlab ishlab chiqarilgan avtomobillarning ayrim modellari uchun chakana narxlarni yangilashga majbur.

Bundan tashqari, kompaniya iste’molchilarga qo’shimcha qulaylik yaratish maqsadida, ommaviy segment modellarida jismoniy shaxslar uchun oldindan to’lov foizini 85 foizdan 50 foizga pasaytirmoqda. Misol uchun, Chevrolet Cobalt A/T rusumli avtomobilni 125,6 million so‘mga sotib olayotganda oldindan to‘lov 106,7 million so‘mni tashkil qilgandi. Yangi shartlarga ko‘ra, oldindan to‘lov 62,8 million so‘mgacha kamaytiriladi.

Shuningdek, shartnomada avtomobilni yetkazib berish kechiktirilgan taqdirda xaridorga kompensatsiya to’lanishi haqida band nazarda tutilgan.

Avtomobil sotib olishdagi yangi shartlar faqatgina yuqoridagi sanadan boshlab tuzilgan shartnomalar uchun amal qiladi.

Kompaniya ushbu choralar majburiy choralar ekanligi hamda bozor kon’yukturasining umumiy o’zgarishiga munosabati bilan bog’liq ekanligiga ishontiradi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 21-fevraldagi PQ-37-sonli qaroriga muvofiq, import qilinadigan avtomobillarni olib kirishning yangi tartibi tasdiqlandi. Unga ko‘ra bojxona to‘lovlari ikki va undan ortiq barobarga pasaytirildi.

Shunday qilib, 21-fevralgacha narxi 10 000 dollar, dvigatel hajmi 1,4 litr bo’lgan avtomobil uchun bojxona to‘lovlari 5 800 AQSh dollarini tashkil qilgan bo’lsa, yangi stavkalarga ko‘ra, import bojlari 2 900 dollar, 2023-yilning 1-yanvaridan esa 2340 dollar qilib belgilangan. Bu faktor albatta, O’zbekiston avtomobil bozoriga ijobiy ta’sir ko’rsatadigan raqobat muhitini yaratadi.

UzAuto Motors kompaniyasi avvalgidek, avtomobil ishlab chiqaruvchilar orasida narxlar barqarorligi bo’yicha yetakchi bo’lishga, avtomobillar narxini bozordagi inflyatsiya va boshqa o’sishlarga mutanosib ravishda oshirmaslik imkonini beradigan optimallashtirish dasturini amalga oshirishda davom ettiradi.