Tesla rahbari Ilon Mask Amerika konlarida uglevodorod qazib olishni koʻpaytirish tarafdori ekanini aytdi, deb yozadi The Verge.

Tadbirkor 4-mart kuni kechqurun (Toshkentda oʻsha paytda 5 mart tongida edi) oʻz Twitterʼida tegishli taklifni eʼlon qildi.

“Men buni aytmoqchi emasman, lekin biz zudlik bilan neft va gaz qazib olishni oshirishimiz kerak”, deb yozgan Mask. “Ekstremal vaqtlar ekstremal yechimlarni talab qiladi”.

Qaror “Teslaʼga salbiy taʼsir qiladi”, deb tan oldi milliarder. Biroq uning soʻzlariga koʻra, muqobil energiya hozirda Rossiya neft va gaz resurslarining jahon energiya ishlab chiqarishidagi ulushini toʻliq almashtira olmaydi.

Foydalanuvchilarning fikrlari ikkiga boʻlingan. Baʼzilar Muskni qoʻllab-quvvatladilar. Boshqalar esa oʻrniga qayta tiklanadigan energiya stansiyalari soni va quvvatini oshirish usullarini joriy etishga chaqirdi.

“Eng yirik elektromobil ishlab chiqaruvchisi rahbarining mamlakatni qutqarish umidida shunday deyishi ajablanarli”, — deydi kriptovalyuta onlayn nashri Greymatter Capitaldan Jeyms Todaro.

Neft va Oʻzbekiston

Bir tomondan, Oʻzbekistonning asosiy savdo hamkorlari neft narxining yuqoriligidan foyda koʻradi.

Odatda, neft qimmat boʻlganda, Rossiya rubli dollarga nisbatan mustahkamlanadi. Bu Oʻzbekiston uchun asosiy xorijiy valyuta manbalaridan biri boʻlgan mehnat muhojirlarining pul oʻtkazmalariga ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda (2021-yilda $8,1 milliard).

Biroq Ukrainada harbiy maxsus operatsiya boshlanishi bilan Rossiya valyutasi dollarga nisbatan zaiflashdi.

Soʻmga nisbatan Rossiya rubli oʻtgan haftadagi qulashdan keyin biroz mustahkamlandi. Dushanba kuni Markaziy bank valyuta kursini bir rubl uchun 99 soʻm etib belgiladi. Banklar hozirda rublni asosan 120 soʻmdan sotmoqda, 80 soʻmdan xarid qilmoqda.