Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi direktori oʻrinbosari Aʼzam Qurbonov “Reklama toʻgʻrisida"gi qonunning yangi tahriri boʻyicha bir qancha maʼlumotlarga aniqlik kiritdi.

Xususan, qonun loyihasi Qonunchilik palatasida koʻrilayotganda loyihaga nisbatan jamoatchilik tomonidan bildirilgan takliflar inobatga olingan.

“Masalan, amaldagi qonunda televideniye va radioda reklama vaqti efir vaqtining 10 foizi miqdorida cheklangan boʻlsa, endilikda bu ikki baravarga oshirilmoqda. Bu soha mutaxassislari, tadbirkorlik subyektlari, xorijlik mutaxassislarning fikrlaridan kelib chiqib belgilandi”, — deydi agentlik rasmiysi.

Aʼzam Qurbonov qonunga reklama toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun kiritilgan sanksiyalar bitta huquqbuzarlik uchun ikki marta jazolanishga sabab boʻlmasligini taʼkidladi.

Amaliyotda koʻryapmizki, bir yil ichida sohada 15 mingdan ortiq qonunbuzarliklarga yoʻl qoʻyilgan. Bir subyekt tomonidan bir necha marta qonunbuzarlikka yoʻl qoʻyilishi holatlari ham mavjud. Shu nuqtai nazarda taʼsir chorasi kuchliroq — BHMning 30 baravaridan 100 baravarigacha etib belgilangan. Lekin bitta huquqbuzarlik uchun ikkita javobgarlik kelib chiqmaydi. Masalan, giyohvand moddani reklama qilganlik uchun yoki pornografiya deb alohida-alohida aynan nimalar uchun sanksiya qoʻllanishi koʻrsatilgan", — dedi Aʼzam Qurbonov.

Shuningdek, uning qoʻshimcha qilishicha, qonun loyihasining dastlabki variantida tarkibida qand, tuz va yogʻ miqdori yuqori boʻlgan mahsulotlar reklamasiga nazarda tutilgan cheklov chiqarib tashlangan.