Qonunchilik palatasining majlisida “Jinoyat kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida"gi qonun loyihasi deputatlar tomonidan muhokama qilindi.

Majlisda maʼlum qilinishicha, bank plastik kartochkalari va bank hisobvaraqlaridan pul mablagʻlarining oʻgʻirlik yoʻli bilan talon-toroj qilingani haqida fuqarolardan ichki ishlar organlariga 2020-yilda shu mazmunda 965ta, 2021 yilda 1601ta murojaat kelib tushgan.

Muhokama qilingan qonun loyihasida Jinoyat kodeksi 168-moddasi 2-qismi “v” bandi (kompyuter texnikasi vositalaridan foydalanib firibgarlik sodir etish)ni 3-qismga “g” band (axborot texnologiyalaridan yoki elektron toʻlov vositasi yoxud masofaviy xizmat koʻrsatish tizimidan foydalanib firibgarlik sodir etish) sifatida koʻchirish taklif etilmoqda.

Buning natijasida bank plastik kartalaridan firibgarlik yoʻli bilan mablagʻ talon-toroj qilganlik uchun 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlash mumkin boʻladi.

Unga koʻra, Jinoyat kodeksining 169-modda 3-qismi “b” bandi (kompyuter tizimiga ruxsatsiz kirib oʻgʻrilik sodir etish)ni “axborot tizimiga ruxsatsiz kirib yoki elektron toʻlov vositasi yoki masofaviy xizmat koʻrsatish tizimidan foydalanib oʻgʻrilik sodir etish tarzida oʻzgartirish taklif etilmoqda.

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.

Ma’lumot uchun, 2021-yilda 2700 dan ortiq oʻzbekistonlik internet firibgarlari qurboni boʻlgandi.