Prezident “Oila va xotin-qizlarni tizimli qoʻllab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi farmonni imzoladi.

Adliya vazirligi va Bosh prokuratura uch oy muddatda aliment toʻlovlarini undirish tizimi samaradorligini oshirish yuzasidan qonun loyihasini belgilangan tartibda kiritadi.

Bunda, shu jumladan, quyidagilar nazarda tutiladi:

  • aliment boʻyicha qarzdorlik mavjud boʻlganda qarzdorlik toʻliq bartaraf etilguniga qadar:
  • qarzdorning transport vositasini boshqarish huquqini vaqtincha cheklash;
  • qarzdorga litsenziya va ruxsat berish xususiyatiga ega boʻlgan davlat xizmatlarini vaqtincha koʻrsatmaslik;
  • aliment boʻyicha qarzdorlik mavjudligini nikoh tuzish uchun monelik qiladigan holat sifatida belgilash.

Majburiy ijro byurosi huzurida yuridik shaxs tashkil etmagan holda “Aliment toʻlovlari” davlat maqsadli jamgʻarmasi tashkil etiladi va unga Majburiy ijro byurosini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 50 mlrd soʻm ajratiladi.

Belgilanishicha, sud qarori bilan aliment toʻlash majburiyati yuklatilgan shaxslardan belgilangan mablagʻlarni uch oy ichida undirish imkoni boʻlmagan hollarda “Aliment toʻlovlari” davlat maqsadli jamgʻarmasi mablagʻlari aliment toʻlovlari boʻyicha shakllangan qarzdorlikni bir yoʻla toʻlash uchun yoʻnaltiriladi hamda keyinchalik aliment toʻlash majburiyati yuklatilgan qarzdordan sud qarorisiz majburiy tartibda undirib olinadi.

Bosh prokuratura va Moliya vazirligi ikki oy muddatda “Aliment toʻlovlari” davlat maqsadli jamgʻarmasi faoliyatini yoʻlga qoʻyish, jamgʻarma mablagʻlari hisobidan aliment toʻlovlaridan qarzdorlik toʻlanadigan holatlar va shaxslar toifasini belgilash tartibini nazarda tutuvchi hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

Avvalroq yagona portalda yana bir xizmat yoʻlga qoʻyilganligi, bunda istalgan avtomobil tarixiga oid maʼlumotlarni olish mumkin boʻlishi haqida yozilgan edi.