Buxoro viloyati hokimligi matbuot xizmatining xabar berishicha, Buxoro shahrida Xitoyda ishlab chiqarilgan elektrobuslar harakatlanishni boshladi.

Maʼlum qilinishicha, mazkur transportning zamonaviy tashqi va ichki dizayni odatiy avtobuslardan farq qiladi. 27 oʻrindiqli elektrobusning yoʻlovchilarni tashish umumiy hajmi 80 kishidan iborat.

Imkoniyati cheklanganlar uchun ajratilgan maxsus oʻrindiqlar esa alohida rang va belgilar bilan ajratilgan. Nogironlar chiqishi uchun zarur koʻtargichlar ham bor. Ichki salon videokuzatuv kamerasi, avtomatik havo namligini saqlash va isitish tizimi bilan jihozlangan.

Ushbu elektrobuslar 2,5 soat davomida oladigan toʻliq quvvati bilan 300−350 kilometr masofani bosib oʻtadi.

“Zaryad 12 foiz qolganida avtobus avtomatik tarzda yurishdan toʻxtaydi — shu orqali quvvatlantirish zarurligini bildiradi. Uning aniq koʻrsatkichlari va boshqa barcha maʼlumotlar esa sensorli ekranda koʻrinib turadi. Asosiysi, elektrobuslar harakatlanish davomida ekologiyaga mutlaqo zarar yetkazmaydi”, — dedi viloyat transport boshqarmasi masʼul xodimi Umid Bahronov.

Xitoyning “Zhongtong Bus Co. Ltd” kompaniyasida ishlab chiqarilgan ushbu elektrobus Buxoro shahri koʻchalarida bir necha kun davomida tajribada sinab koʻriladi. Tashuvchi va yoʻlovchilarning fikrlarini inobatga olgan holda har kunlik monitoring ishlari olib boriladi. Tajribadan kelib chiqib, undan 2022-yil oxiriga qadar 100 ta olib kelinib, yoʻnalishlarga joylashtiriladi.

Avvalroq Toshkentga Xitoydan 20 ta “Yutong” elektrobuslari olib kelingan edi.