“Paxta maydonlarida tuproq unumdorligini va hosildorlikni oshirish, sugʻorishning yangi texnologiyalarini joriy etishni qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi prezident qarori qabul qilindi.

Qishloq xoʻjaligi yerlaridan foydalanuvchi (ijarachi)larga paxta maydonlarida tuproq unumdorligini oshirish tadbirlari uchun 2022−2023-yillarda sinov tariqasida ragʻbatlantirishning quyidagi mexanizmlari joriy etiladi:

  • tuproq unumdorligini oshirish va eroziyadan muhofaza qilish tadbirlarini amalga oshirganlik uchun soliq imtiyozlari beriladi;
  • yerlarni tiklash, qayta foydalanishga kiritish va yangidan oʻzlashtirish, rekultivatsiyalash va melioratsiyalash tadbirlarini bajarish uchun subsidiyalar ajratiladi va yer soligʻidan qisman ozod etiladi.

2022−2023-yillarda sinov tariqasida:

  • tuproq unumdorligi va paxta hosildorligini oshirish, ilmiy asoslangan almashlab ekishni va sugʻorishning yangi texnologiyalarini joriy etish hamda oʻsimliklar himoyasi boʻyicha xizmatlarni yoʻlga qoʻyish va zamonaviy laboratoriyalarni barpo etish uchun yerdan foydalanuvchi (jumladan, klaster)larga davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan har bir gektar maydonga 1 mln soʻmdan subsidiya ajratiladi;
  • paxta maydonlarida tuproq unumdorligi va hosildorlikni oshirganlik uchun soliq imtiyozlari tuproq bonitirovkasi tahlili natijalari boʻyicha tuproq unumdorligi oshgan yerdan foydalanuvchilarga tatbiq etiladi;
  • yer soligʻi boʻyicha imtiyozlar 3 yil muddatga amal qiladi.

Subsidiya ajratish tajribasi roʻyxat boʻyicha 13 ta tumanda sinovdan oʻtkaziladi.