UzAuto Motors yangi bozor — Livanga mahsulot yetkazib bera boshladi. Bu haqda avtomobil ishlab chiqaruvchisi matbuot xizmati xabar berdi.

Hozir kompaniya mashinalarni yetkazib berish geografiyasini kengaytirish ustida ishlamoqda. Ushbu ish doirasida u Livanning yirik IMPEX avtosalonlari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga rozi boʻldi.

31-mart kuni 54 ta Spark LT AT avtomobillarining birinchi partiyasi Livanga joʻnatildi. Kelgusida Yaqin Sharqdagi hamkor bilan aloqalarni kengaytirish rejalashtirilgan, deydi kompaniya.

Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan Chevrolet avtomobillariga bir qator mamlakatlarda barqaror talab mavjud. Kompaniya maʼlumotlariga koʻra, soʻnggi yillarda ular Qozogʻiston, Tojikiston, Ozarbayjon, Ukraina, Belarus va Rossiya bozorlarida oʻzini namoyon qilgan.

Biroq “doimiy oʻzgarib turadigan xalqaro vaziyat” avtomobil ishlab chiqaruvchilarni savdo bozorlarini kengaytirishga undamoqda, deya taʼkidlaydi UzAuto Motors. Avvalroq Shavkat Mirziyoyev “ayrim asosiy savdo hamkorlari"dagi vaziyatni yumshatish choralari qatorida eksport geografiyasini diversifikatsiya qilishni ham aytib oʻtgan edi.

Ayni paytda Uzavtosavdo Telegram botidan Spark uchun navbat maʼlumotlari yoʻqoldi. 24-mart kuni u 2500 kishidan oshgandi.