Markaziy bankning Bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish xizmatiga bu borada murojaatlar kelib tushdi.

Ushbu murojaatlar o‘rganilganda kafil yoki birgalikda qarz oluvchi hisoblanmagan fuqarolarning bank kartalari qonun hujjatlariga rioya qilinmagan holda ularning roziligisiz tijorat banki tomonidan jismoniy shaxslarga ajratilgan kredit qarzdorligini so‘ndirish uchun biriktirilib, mablag‘lar yechib olish amaliyoti yo‘lga qo‘yilganligi aniqlandi.

Bunday amaliyotni yo‘lga qo‘ygan “Davrbank"ka nisbatan belgilangan tartibda jarima sanksiyasi qo‘llanildi. Shuningdek, bankka fuqarolarning bank hisobvaraqlaridan (shu jumladan, bank kartalaridan) mablag‘larni qonunchilikka zid ravishda ularning roziligisiz hisobdan chiqarish amaliyotiga chek qo‘yish hamda fuqarolardan shu mazmunda shikoyatlar kelib tushganda ushbu mablag‘larni qaytarib berilishini ta’minlash vazifalari yuklatildi.

Bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish xizmati tijorat banklarining insofsiz xizmat ko‘rsatish amaliyotlariga qarshi turadi hamda kredit qarzdorliklarni uchinchi shaxslar hisobidan so‘ndirishda amaldagi qonun hujjatlari talablariga rioya qilishga chaqiradi.