“Tadbirkorlik muhitini yaxshilash va xususiy sektorni rivojlantirish orqali barqaror iqtisodiy o‘sish uchun shart-sharoitlar yaratish borasidagi navbatdagi islohotlar to‘g‘risida"gi Prezident farmoni qabul qilindi.

Farmonga muvofiq, quyidagilar joriy etiladi:

  • ️qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlarni mulk huquqi asosida auksion orqali sotishda to‘lovlarni 3 yilgacha bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat etiladi;
  • ️bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotilgan davlat aktivlari va qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar bo‘yicha kamida 35 foizi miqdoridagi dastlabki to‘lovni biryo‘la amalga oshirgan xaridorlarga mazkur mulklarni kredit ta’minoti sifatida garovga qo‘yish huquqi beriladi.

2022-yil 1-maydan ro‘yxati Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan xorijiy davlatlar fuqarolariga O‘zbekistonda yashash guvohnomasini talab qilmagan holda, yangi barpo etilayotgan quyidagi ko‘chmas mulk obyektlarini sotib olish tarzida investitsiya kiritish huquqi beriladi:

  • Toshkent viloyati, Toshkent va Samarqand shaharlarida — qurilish davrida tuzilgan shartnomalarga asosan qiymati 150 ming AQSH dollari ekvivalentidan, foydalanishga qabul qilingan ko‘chmas mulk obyektlarida qiymati 180 ming AQSH dollari ekvivalentidan kam bo‘lmagan ko‘chmas mulk obyektlari;
  • boshqa hududlarda — qurilish davrida tuzilgan shartnomalarga asosan qiymati 70 ming AQSH dollari ekvivalentidan, foydalanishga qabul qilingan ko‘chmas mulk obyektlarida qiymati 85 ming AQSH dollari ekvivalentidan kam bo‘lmagan ko‘chmas mulk obyektlari.

Bunda, mazkur ko‘chmas mulk obyektlarini sotib olish xorijiy davlatlar fuqarolariga O‘zbekistonda doimiy ro‘yxatdan o‘tish va yashash guvohnomasini olish uchun asos bo‘lmaydi.

Xorijiy mamlakatlar fuqarolariga ko‘chmas mulk sotib olish sharti bilan O‘zbekistonda yashash guvohnomasini olish uchun talab etiladigan ko‘chmas mulk qiymati miqdori Toshkent viloyati va Toshkent shahrida $400 000 dan $300 000 ekvivalentigacha kamaytirildi.