Spot nashri 2023-yilgacha Toshkentda mehmonxona ochishni rejalashtirayotgani haqida yozgan edi.

Accor matbuot xizmatining Spotga xabar berishicha, Oʻzbekistonda yozda hotel groupʼning birinchi mehmonxonasi ochiladi.

Bu Shota Rustaveli koʻchasida joylashgan toʻrt yulduzli Mercure boʻladi. Mehmonxona Lumiere Hotel & SPA Tashkent mehmonxonasini taʼmirlash natijasida ochiladi. Unda 126 ta xona, yopiq basseyn va saunaga ega spa, fitnes zali, shuningdek, restoran, kafe va lobbi bar mavjud.

“Oʻzbekiston turizmni rivojlantirish uchun cheksiz imkoniyatlarga ega: boy madaniyat, betakror arxitektura va ajoyib taomlar dunyoning turli burchaklaridan kelgan sayyohlarni albatta oʻziga jalb qiladi. Ishonchimiz komilki, taniqli xalqaro brendlar ostidagi mehmonxonalar paydo boʻlishi Toshkentga tashrif buyuruvchilar sonini oshishiga xizmat qiladi”, — dedi Accor New East Europe bosh direktori Aleksis Delaroff.

Lumiere Hotel & SPA oʻtgan yilning mart oyida ochilgan. Taʼsischilardan biri Xasan Mamasaidov (Office Market, Dekos va M-Faktor brendlari) edi. Unga koʻra, loyihaga $10 mln.dan ortiq mablagʻ ajratilgan boʻlib, shundan qariyb $6 mln “Asakabank” tomonidan moliyalashtirilgan.

Avvalroq Spot Toshkentda Radisson Individuals brendi ostidagi mehmonxona — PANARAMS Hotel Tashkent ochilgani haqida yozgan edi.

Mercure — oʻrta darajadagi fransuz mehmonxona brendi. 1973-yilda Fransiyada yaratilgan, 1975-yilda brend Accor tomonidan sotib olingan. Mercure brendi 61 mamlakatning 899 ta mehmonxonasida mavjud.

Accor — 1967-yilda tashkil etilgan eng yirik xalqaro mehmonxona operatori. Accor Group dunyoning 110 ta davlatida 5 mingdan ortiq mehmonxona va 10 ming restoran, kafe va barlarni birlashtiradi.