Prezident raisligida sanoat zonalari va yirik investitsiya loyihalari bilan bogʻliq masalalarga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi.

Unda qabul qilinadigan qarorlar bilan kerakli shart-sharoitlar yaratib berilishi taʼkidlandi. Eng avvalo, sanoat zonalarida boʻsh turgan 6,6 ming gektar maydonning elektr, suv, yoʻl va boshqa infratuzilma masalalari hal qilib beriladi.

Prezident topshirigʻiga asosan maxsus ishchi guruh sanoat zonalarining infratuzilmasini xatlovdan oʻtkazdi va tumanma-tuman loyihalar roʻyxatini shakllantirdi.

Shu munosabat bilan mutasaddilar, viloyat hokimlariga:

  • bir oy muddatda 40 ta sanoat zonasidagi 120 kilometr yoʻl boʻyicha pudratchilarni aniqlab, qurilish ishlarini boshlash;
  • 1-oktyabrga qadar 246 ta sanoat zonasini elektr tarmogʻi, transformator va podstansiyalar bilan taʼminlash;
  • joriy yilda 200 ta sanoat zonasida 555 kilometr suv tarmogʻi va 110 ta suv inshootini qurib yakunlash topshirildi.

Umuman, sanoat zonalari infratuzilmasini yaxshilash uchun joriy yilda 1,5 trillion soʻm yoki 2021-yilga nisbatan 2 baravar koʻp mablagʻ ajratilishi belgilandi.

Viloyat hokimlari, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi yil yakuniga qadar sanoat zonalarida 2 mingta yangi loyihani ishga tushirishi shartligi koʻrsatib oʻtildi.

Viloyat hokimlari oldiga bu loyihalar hisobiga qoʻshimcha 110 mingta ish oʻrni yaratish, 17,5 trillion soʻmlik mahsulot ishlab chiqarish, kamida 1 milliard dollarlik eksport qilish uchun sharoit yaratish vazifasi qoʻyildi.