Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida aholini oziq-ovqat, jumladan, chorvachilik va parrandachilik mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo’lib o’tmoqda.

Prezident parrandachilik xo‘jaliklarini yem bilan ta’minlash masalasini to‘liq hal qilish vazifasini qo‘ydi.

Buning uchun:

  • parrandachilik xo‘jaliklariga bug‘doy sotib olish uchun 400 milliard so‘m revolver kredit ajratiladi;
  • parrandachilik korxonalarining aylanma mablag‘larini ko‘paytirish uchun olinadigan tijorat kreditlarga Tadbirkorlik jamg‘armasidan garov ta’minotining 50 foiziga kafillik berish va 17 foizdan oshgan qismini kompensatsiya qilish tizimi joriy qilinadi;
  • pandemiya davrida parrandachilik korxonalarining jami 834 milliard so‘m, shundan 2022 yilda 400 milliard so‘m olgan kreditlari muddati uzaytiriladi.

Bu sharoitlardan foydalanib, mutasaddilar viloyat hokimlari bilan birga, parranda go‘shti ishlab chiqarishni yil yakuniga qadar kamida 35 foizga oshirib, 600 ming tonnaga yetkazishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.

Parranda mahsulotlari bozorini tahlil qilish va loyihalarni to‘g‘ri joylashtirish maqsadida mahsulotlarni ishlab chiqarishdan sotishgacha bo‘lgan barcha jarayonlarni raqamlashtirish topshirildi.