Oʻzbekiston Rossiya fuqarolari orasida Visa yoki Mastercard bank kartalariga ariza topshirish istagida boʻlgan eng mashhur davlatga aylandi. Bu haqda ATORʼga tayanib, “Kommersant” xabar bermoqda.

Endi ruslarga 4 ta davlatga “karta-turlar” taklif etiladi. Bunga Oʻzbekistondan tashqari Armaniston, Belarus va Serbiya kiradi. Biroq, Armaniston va Oʻzbekiston yoʻnalishlariga talab ancha yuqori, deyiladi xabarda.

Turoperatorlar buni bir qancha omillar kombinatsiyasi bilan izohlashadi. Birinchidan, bu mamlakatlar rossiyalik sayyohlarga uzoq vaqtdan beri yaxshi maʼlum, ikkinchidan, u yerga toʻgʻridan-toʻgʻri reyslar mavjud. Uchinchidan, bu ikki davlat banklarida kartani tez va oson — 1−2 kun ichida chiqarish mumkin.

Shuningdek, Oʻzbekiston va Armaniston banklarining sanksiyalar ostida qolish ehtimoli Belarusnikiga qaraganda kamroq. Yaqin xorijning boshqa mamlakatlarida (masalan, Qozogʻiston) norezidentlar uchun yanada qattiqroq talablar mavjud va kartani chiqarish koʻproq vaqt talab etadi.

Oʻzbekiston Rossiyada “karta turizmi” boʻyicha yetakchiga aylandi. Armaniston siyosiy beqarorlik tufayli ayrim mijozlar uchun jozibadorligini biroz yoʻqotmoqda, deya qayd etadi ATOR.

Maxsus paketlardan tashqari, operatorlar diqqatga sazovor joylarga muntazam ekskursiyalarni sotib olayotganda ixtiyoriy xizmat sifatida kartani chiqarishni taklif qilishadi. Oʻzbekistonda bu jarayon bir soatdan bir ish kunigacha davom etadi, deydi ular.