Finlyandiyaning Metso Outotec konserni Olmaliq kon-metallurgiya kombinati bilan uskunalar yetkazib berish boʻyicha shartnoma tuzdi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati yozmoqda.

Shartnoma qiymati 100 mln yevrodan oshadi. U maydalagichlar, filtrlar, analizatorlar, boshqaruv bloklari va boshqa jihozlarni loyihalash, ishlab chiqarish va yetkazib berishni oʻz ichiga oladi. Ularni oʻrnatish, sozlash va texnik xizmat koʻrsatish kompaniya mutaxassislari tomonidan amalga oshiriladi.

Uskunalar yiliga 60 mln tonna quvvatga ega qurilayotgan mis-oltin-molibden boyitish majmuasi uchun moʻljallangan. Zavod 2024-yilda ishga tushirilishi rejalashtirilgan “Yoshlik-1” koniga xizmat koʻrsatadi.

Zavodning metallurgiya mahsuldorligi va energiya samaradorligini optimallashtirishga alohida eʼtibor qaratildi, — deydi Metso-ning Mineral biznes yoʻnalishi rahbari Markku Terasvasara.


Metso Outotec — togʻ-kon va metallurgiya sanoati uchun sanoat uskunalari ishlab chiqaruvchi Finlandiya kompaniyasi hisoblanadi. Kompaniya 2020-yilda Metso Minerals va Outotec qoʻshilishi natijasida tashkil etilgan. 2021-yilda uning daromadi 4,2 mlrd yevroni tashkil etdi.