Prezidentning “Parrandachilik sohasini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi qarori loyihasi eʼlon qilindi. Qaror loyihasini qabul qilish zaruriyati quyidagilar bilan asoslangan:

birinchidan, 2023-yil 1-apreldan boshlab parrandachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, subsidiyalar ajratish va boshqa imtiyozlardan foydalanish huquqi faqatgina “my.vetgov.uz” saytida roʻyxatdan oʻtgan hamda belgilangan tartibdagi mezonlarga mos keluvchi parrandachilik xoʻjaliklariga beriladi;

ikkinchidan, “my.vetgov.uz” sayti parrandachilik sohasidagi maʼlumotlarni tizimli tahlil qilish uchun soliq xizmati, statistika, bojxona, veterinariya organlari va boshqa manfaatdor tashkilotlar axborot mahsullari bilan integratsiya qilinadi;

uchinchidan, mahalliy va import orqali zaxira qilingan bugʻdoyni sotib olish uchun Oʻzbekiston respublika tovar xomashyo birjasidagi savdolarda faqat parrandachilik xoʻjaliklari va parranda omixta yemi ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik subyektlari qatnashishi belgilanadi;

toʻrtinchidan, belgilangan tartibda va meʼyorlarga muvofiq “my.vetgov.uz” saytida roʻyxatdan oʻtgan parrandachilik xoʻjaliklari parranda bosh soniga va parranda omixta yemi ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik subyektlari ishlab chiqarish quvvatlariga mutanosib hajmlarda bugʻdoyni birja savdolari orqali sotib olishi mumkin boʻladi.

Bildirilishicha, qaror loyihasi qabul qilinishi orqali:

  • sohada ilmiy-texnik yondashuvlar va axborot texnologiyasidan samarali foydalanish yoʻlga qoʻyiladi;
  • parrandachilik xoʻjaliklari haqiqiy ishlab chiqarish quvvatlarini, shuningdek, ozuqa yem mahsulotlariga boʻlgan ehtiyoji va subsidiyalar ajratish miqdorini aniqlash mezonlarini joriy etiladi;
  • Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi tomonidan tijorat banklari tomonidan parrandachilik va omixta yem mahsulotlari ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik subyektlariga muddati uzaytirilgan kreditlar boʻyicha kompensatsiya toʻlovlari mos ravishda qayta hisob-kitob qilinadi.

Avvalroq davlat rahbari masʼullarga parrandachilik xoʻjaliklarini yem bilan taʼminlash masalasini toʻliq hal qilish vazifasini qoʻygan edi.


Mavzuga doir:

Biznes gʻoya: kichik mablagʻ evaziga tovuq fermasini tashkil etish.