Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining xabar berishicha, tele va radio dasturlarni qayta uzatish xizmatlari bozoridagi raqobat qonunchiligi talablarini buzgan yana bir monopol tashkilotga ish qoʻzgʻatildi.

“Oʻzbekiston Kabel Televideniyesi” MChJ tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar narxlari Respublikada IP-televideniye faoliyati bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlarining noroziligiga sabab boʻldi. Qoʻmitasining maxsus komissiyasi tomonidan mazkur holat oʻrganib chiqildi.

“Oʻzbekiston Kabel Televideniyesi” MChJ xorijiy telekanallarning teledasturlar paketini shakllantirish va ularni Oʻzbekiston Respublikasi hududida kabel va IP-televideniye faoliyati bilan shugʻullanuvchi xoʻjalik yurituvchi subyektlarga tarqatish xizmati boʻyicha tovar yoki moliya bozorida ustun mavqeni egallab turgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarning davlat reyestriga kiritilgan.

Maxsus komissiya tomonidan murojaatda qayd etilgan holatlar oʻrganib chiqilib, bozorda ustun mavqega ega korxona — “Oʻzbekiston Kabel Televideniyesi” MChJga nisbatan ish qoʻzgʻatildi hamda Jamiyat tomonidan adolatsiz narx qoʻllanilganligi va raqobat qonunchiligi talablari buzilganligi holatlarini bartaraf etish boʻyicha qaror va koʻrsatma berildi.

Natijada, narxlarni sunʼiy oshirish holatiga chek qoʻyildi va tadbirkorlik subyektlarining qonuniy manfaatlari himoya qilindi.

Shuningdek, qoʻzgʻatilgan ish yakuni boʻyicha, Maxsus Komissiya tomonidan “Oʻzbekiston Kabel Televideniyesi” MChJga xizmatlar narxlarini tartibga solish organida tasdiqlash (deklaratsiya qilish) hamda kelgusida ishlarni qonunchilik talablari doirasida davom ettirish yuzasidan tegishli koʻrsatma berildi.