Hukumatning 7-iyun kungi 312-son qarori bilan, “Yoshlar daftari"ni yuritish orqali yoshlar muammolarini tizimli ravishda hal etish va ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

Adliya vazirligi xabariga koʻra, nizom asosida yoshlarga quyidagi miqdorlarda subsidiyalar ajratiladi:

  • 0,1 gektardan 1 gektargacha yer maydoni ajratilgan yoshlarga urugʻlik va koʻchatlar xarid qilish uchun BHMning 8 baravarigacha;
  • tadbirkorlik yoki oʻzini oʻzi band qilish faoliyatini boshlamoqchi boʻlgan yoshlarga asbob-uskuna yoki mehnat qurollarini xarid qilish uchun BHMning 40 baravarigacha;
  • yoshlarga zamonaviy kasblarni egallashi, axborot texnologiyalarni oʻrganishi va ularni xorijiy tillarga oʻqitish boʻyicha 6 oygacha muddatli oʻquv kurslari uchun har oyda BHMning 4 baravarigacha;
  • yoshlarning ilm-fan, sport, sanʼat va madaniyat yoʻnalishlaridagi 6 oygacha muddatli oʻquv kurslari uchun har oyda BHMning 1 baravarigacha;
  • yoshlarning ilm-fan, sport, sanʼat va madaniyat yoʻnalishlaridagi olimpiada, tanlov va musobaqalarning mahalliy bosqichlarida qatnashish uchun ishtirokchilarning yashash va transport xarajatlarini qoplash uchun BHMning 4 baravarigacha hamda ushbu olimpiada, tanlov va musobaqalarning xalqaro bosqichlarida qatnashish xarajatlari uchun BHMning 40 baravarigacha;
  • “Yoshlar daftari"ga kiritilgan bemor yoshlarga mamlakatda yoki xorijiy davlatlarda davolanish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash uchun BHMning 50 baravarigacha;
  • ijtimoiy himoyaga muhtoj yosh oilalarga 12 oygacha turar joy uchun ijara kompensatsiyasi har oyda BHMning 3 baravaridan oshmagan miqdorda.

Maʼlumot uchun, 2022-yil 1-iyundan boshlab bazaviy hisoblash miqdori 300 ming soʻmni tashkil etmoqda.

Shuningdek, nizomga asosan, quyidagi yordam turlari faqat “Yoshlar daftari"ga kiritilgan yoshlarga koʻrsatiladi:

  • moddiy ahvoli ogʻir yoshlarga bir martalik moddiy yordam (BHMning 4 baravarigacha) beriladi;
  • yoshlarni tadbirkorlikka va kasb-hunarga oʻqitish uchun sarflangan xarajatlarning 75 foizigacha qismi (bir oygacha BHMning 4, bir oydan ikki oygacha BHMning 8, ikki oydan ortiq muddatli oʻquv kurslari uchun BHMning 12 baravaridan koʻp boʻlmagan qismi) qoplab beriladi;
  • tadbirkor yoki oʻzini oʻzi band qilgan shaxs sifatida roʻyxatdan oʻtgan yoshlarga faoliyatini amalga oshirayotgan noturar joyning 12 oygacha ijara xarajatlarining bir yilda 30 foizi, biroq BHMning 25 baravarigacha boʻlgan qismi qoplab beriladi;
  • Respublikadagi professional taʼlim tashkilotlarida oʻqiyotgan, shuningdek, Oʻzbekistondagi barcha oliy taʼlim tashkilotlarida bakalavriatning kunduzgi, sirtqi va kechki shaklida, magistraturaning kunduzgi yoʻnalishida taʼlim olayotgan oʻquvchi-talabalarga toʻlov-kontrakt asosida oʻqish boʻyicha yillik xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi;
  • Yoshlarga taʼlim, madaniyat va sanʼat, sport, axborot texnologiyalar sohasiga va fanlarni oʻqitishga ixtisoslashgan nodavlat taʼlim tashkilotining 3 oy muddatgacha noturar joy ijara xarajatlari uchun BHMning 50 baravarigacha miqdorda qoplab beriladi;
  • nikohi qayd etilganiga 3 yildan oshmagan yoshlarga yakka tartibdagi oʻz xonadonida qoʻshimcha uy-joy qurish uchun 33 mln soʻmgacha garovsiz kredit ajratiladi.