Prezident matbuot xizmati xabariga koʻra, yigʻilishda yana 25 mingta yer maydonlari servis va savdo obyektlari uchun auksionga chiqarilishi belgilandi.

Bu borada aholiga yanada qulaylik yaratish uchun endi yerlarni auksionga qoʻyish jarayoni ijara boʻyicha 48 kundan 15 kunga, mulk huquqida 74 kundan 20 kunga qisqartiriladi. Yer maydonlarini baholash ekspertizadan oʻtkazilmaydi, haqiqiy bahosi auksionda aniqlanadi.

2023 yil 1 yanvardan boshlab, yerlarni auksionga chiqarishda kadastr idoralarida bor maʼlumotlarni boshqa idoralar bilan kelishish tartibi bekor qilinadi. Barcha vazirliklarning kadastr maʼlumotlari Milliy geoaxborot tizimiga kiritiladi.

Joriy yil 1 sentyabrgacha 205 ta tuman va shaharda 253 ta maxsus savdo va xizmat koʻrsatish koʻchalarini tashkil etish rejalashtirilgan. Bu maqsadlar uchun oʻtgan yili respublika byudjetidan 1 trillion 400 milliard soʻm, joriy yilda esa 900 milliard soʻm ajratilgan.