Markaziy bank Oʻzbekistonning xalqaro zaxiralari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni eʼlon qildi.

2022-yilning 1-iyun holatiga koʻra, Oʻzbekistonning oltin-valyuta zaxiralari $35,4 mlrd ni tashkil qilgan. Taqqoslash uchun, bu koʻrsatkich 2022-yil 1-may holatiga koʻra, $35,9 mlrd boʻlgan. Raqamlar oʻtgan bir oyda Oʻzbekistonning rasmiy zaxiralari qariyb $400 mln ga kamayganini koʻrsatmoqda.

May oyi davomida oltinning fizik hajmi 11,1 mln troya unsiyadan 11,4 mln troya unsiyaga (taxminan 9,33 tonna) oshgan boʻlsa-da, qiymati $21,32 mlrd dan $21,18 mlrd ga pasaygan.

Shuningdek, zaxira aktivlari tarkibidagi xorijiy valyuta zaxiralari ham $13,5 mlrd dan $13,1 mlrd ga kamaygan.

“Oʻzbekiston yalpi xalqaro zaxiralari 2022-yil boshidan beri $264,5 mln ga yoki 0,8% ga oshdi. Bunda oltin narxining yil boshidagi $1799,25 dan $1854,4 gacha oʻsishining taʼsiri $630 mln ni tashkil qildi”, deyiladi Markaziy bank izohida.

Zaxiralar mamlakatning “xavfsizlik yostiqchasi” ham hisoblanadi — ular salbiy tashqi shok holatlarda zarbani kamaytiruvchi omil sifatida zarur. Xalqaro tashkilotlarning tavsiyalariga koʻra, rivojlanayotgan davlatlar uchun zaxiralar kamida 3 oylik importni qoplashi kerak.