“Oʻzbektelekom” yirik xalqaro kredit olish niyatida, bu haqda Yagona korporativ maʼlumotlar portali xabar bermoqda.

Tegishli qaror 16-iyun kuni boʻlib oʻtgan aksiyadorlarning navbatdan tashqari yigʻilishida bir ovozdan maʼqullandi. Shuningdek, davlat kompaniyasining yangi tashkiliy tuzilmasi qabul qilindi.

Bayonnomaga koʻra, “Oʻzbektelekom” Londondagi Credit Suisse filialidan 200 mln yevro oladi. Pul Huawei bilan hamkorlikda sharqiy hududlarning telekommunikatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish loyihasiga sarflanadi.

Davlat kompaniyasining ijro etuvchi organi kreditni jalb qilish bilan bogʻliq hujjatlarni rasmiylashtirish huquqini oldi. Shuningdek, u Credit Suisse-dan olingan pullarning maqsadli sarflanishini nazorat qiladi.

Aprel oyida Shavkat Mirziyoyev “Oʻzbektelekom” faoliyatini oʻzgartirish va uning operatsion xarajatlarini kamaytirish boʻyicha topshiriq bergan edi. Yil oxirigacha operatorning kredit reytingini olish vazifasi qoʻyildi.

Prezident “Oʻzbektelekom"ni eksport uchun ishlaydigan daromadli va yuqori texnologiyali kompaniyaga aylantirishga chaqirdi. 2023-yilning martiga qadar u IPO oʻtkazishi kerak.

Avvalroq Spot UzAuto Motors Powertrain yangi dvigatellarni mahalliylashtirish uchun Credit Suisse va Raiffeisen xorijiy banklaridan $93 mln olishi haqida yozgan edi.