“Henley & Partners” xalqaro konsalting kompaniyasi Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasi ma’lumotlariga tayangan holda pasportlar indeksi natijalarini eʼlon qildi.

Reyting erkin harakatlanish indeksi boʻyicha, yaʼni pasport egasi vizasiz yoki soddalashtirilgan tartibda viza olish orqali nechta mamlakatga bora olishiga asoslangan holda tuzilgan.

Oʻzbekiston pasporti reytingda 88-oʻrindan joy oldi. Mamlakat fuqarolari dunyoning 59 davlatiga vizasiz sayohat qilishlari mumkin.

Yaponiya vizasiz yoʻnalishlar boʻyicha indeksda birinchi oʻrinda turadi. Ushbu mamlakat fuqarolari uchun dunyoning 193 mamlakati ochiq.

Reytingning kuchli oʻntaligidan Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar yetakchilik qilmoqda — Germaniya va Ispaniya 190 ta vizasiz yoʻnalishlarga kirish imkoni bilan 3-oʻrinda joylashdi.

Afg‘oniston esa oxirgi o‘rinda qolmoqda va uning fuqarolari dunyoning 27 mamlakatga vizasiz kirish huquqiga ega.

Rossiya pasporti egalari amalda Yevropa Ittifoqi, Avstraliya, Kanada, Yaponiya, Yangi Zelandiya, AQSh va Buyuk Britaniyadagi viza muammolari va havo hududlarining yopilishi tufayli dunyoning qolgan qismi bilan uzilib qolmoqda.

Istanbul va Dubay esa butun dunyo boʻylab harakatlanish uchun markaziy tranzit nuqtasiga aylandi.

Avvalroq “Spot” Time" nashri O‘zbekistonni 2022-yilning eng zo‘r joylari ro‘yxatiga kiritgani haqida xabar bergandi.

Unga ko‘ra, mamlakat mustaqillikka erishgach amalga oshirilayotgan yangi loyihalar va kashfiyotlar turistlarning mamlakatni o‘rganishini osonlashtirmoqda.