Yoʻl-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspeksiyasining maʼlum qilishicha, joriy yilning yanvar-iyun oylarida inspeksiyaga jami 290 ta murojaat kelib tushdi.

Bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 47% ga koʻp.

Avtomobil yoʻllari foydalanuvchilaridan kelib tushgan 79 ta murojaat asosida yoʻllarning sifat koʻrsatkichlari joyiga chiqib oʻrganildi va natijasi boʻyicha quyidagilar amalga oshirildi:

  • 34 ta murojaat asosida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha 52 ta koʻrsatma berildi. Koʻrsatma talablarini muddatida bartaraf etmagan 4 ta holat yuzasidan — mansabdor shaxslarga nisbatan tegishli choralar qoʻllash boʻyicha maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, sud organlariga yuborildi;
  • 8 ta holatda sifatsiz bajarilgan qariyb 474 mln soʻmlik qurilish-montaj ishlari hisobotdan chiqarildi. Yaʼni, bu pullar pudratchi korxonalarga toʻlab berilmaydi;
  • 44 ta murojaatga binoan, ularda tilga olingan obyektlarni taʼmirlash dasturlariga kiritish yuzasidan hokimliklar, avtomobil yoʻlini oʻz balansida saqlovchi tashkilot va tegishli sektor rahbarlariga takliflar kiritildi.

Avvalroq “Spot” Osiyo taraqqiyot banki Oʻzbekistondagi avtomobil yoʻllarini rekonstruksiya qilish uchun $273 mln ajratishi haqida yozgan edi.