Prezidentning “Elektron tijorat maʼmurchiligini takomillashtirish va uni yanada rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish toʻgʻrisida"gi qaroriga muvofiq ayrim NHHlarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Ular quyidagi tartiblarni belgilaydi: elektron tijorat platformalari va raqamli ekotizim operatorlari — axborot vositachilari faoliyatini tashkil etish tartibi; Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Raqamli transformatsiya markazi elektron kooperatsiya portalida axborotni joylashtirish va xaridlarini amalga oshirish tartibi.

Bunda mahalliylashtirish darajasining yuqori chegarasini aniqlash hamda ushbu belgilangan darajaga muvofiqligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning ishonchliligini tekshirish nazarda tutilmoqda.

Bundan tashqari, qoʻshimcha garov joriy etilishi munosabati bilan, shartnoma majburiyatlarini bajarishdan bosh tortish, sunʼiy arzon narxlarda takliflar berish yoʻli bilan xaridlar uzilishining oldini olish mexanizmi joriy etilmoqda.

Shuningdek, xarid qilish tartib-taomillarining tugash vaqtini faqat ish kunlari va ish soatlarida belgilash orqali bozorni manipulyatsiya qilish imkoniyati istisno qilinmoqda.

Shartnoma majburiyatlarining bajarilishi kafolatlarini taʼminlash tartibini operatorning hisob-kitob kliring palatasida xaridlar ishtirokchilarining shaxsiy hisobvaraqlaridagi depozitlarni oldindan toʻlash va blokirovka qilish orqali belgilash nazarda tutilmoqda.

Shu bilan bir qatorda, shartnoma majburiyatlarini bajarish uchun kafolatlar berish tartibi joriy etilmoqda.