“CIVITTA” Belarus konsalting kompaniyasi hamkori Yevgeniy Krasnyanskiy uzoq muddatli xizmat safari bilan O‘zbekistonda bo‘lib, bu yerda turli sohalardagi yuzga yaqin mahalliy tadbirkorlar bilan suhbatlashdi.

U xorijlik tadbirkorlar uchun foydali bo‘lishi mumkin bo‘lgan mamlakatdagi biznes muhiti va rivojlanish istiqbollari bilan bo‘lishdi. “Spot” maqoladan parchalar keltiradi.


Yevgeniy Krasnyanskiy,

Belarusning “CIVITTA” konsalting kompaniyasi hamkori.

Yangi O‘zbekiston

2017-yilgacha O‘zbekiston yopiq hisoblanar edi va agar bu yerda biznes rivojlangan bo‘lsa, katta ehtimol bilan “davlat tasarrufidagilar” toifasiga kirardi.

Mazkur yildan mamlakat barcha sohalarda rivojlana boshladi.

Bu yerda 2026-yilga borib aholi jon boshiga mahsulot ishlab chiqarishni 60%ga, sanoat ishlab chiqarishni esa 40%ga oshirish rejalashtirilmoqda. Banklardagi xususiy sektorning ulushini 60%ga yetkazish rejalashtirilgan.

Aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmi 1,6 barobar ortadi. Kelgusi yilda Osiyo taraqqiyot banki ushbu mamlakat yalpi ichki mahsulotini 5,3%ga o‘sishini kutmoqda. Bu, o‘z o‘rnida, Markaziy Osiyo davlatlari bo‘yicha prognoz qilingan eng yuqori ko‘rsatkichdir.

Mamlakat jadal rivojlanmoqda, bu Yevropadagi tanazzul, Rossiyadagi muammolar va belaruslar an’anaviy ravishda mavjud bo‘lgan boshqa bozorlar fonida yanada taassurot uyg‘otadi.

O‘zbekiston — hamma narsada past bazaga ega iqtisodiyot demakdir. Agar siz biznesning turli yo‘nalishlarini tahlil qilsangiz, bu yaqqol ko‘zga tashlanadi.

Masalan, do‘konlarda tovarlar yetarli emas. Mahalliy brendlar tanlovi juda kam: shartli ravishda, uchta kolbasa ishlab chiqaruvchisi, ikki turdagi sut mahsulotlarini uchratish mumkin. Iste’mol bozori esa ancha katta — 30 milliondan ortiq kishini tashkil etadi.

Banklarga tashrif buyurganda ma’lum bir mahsulot va ma’lum bir xizmatga ehtiyoj borligini tushunasiz. Zavodga kelib, Belarusda liniyalar 10−15%ga samaraliroq ekanligini ko‘rasiz. Bu yerda biz Minskda allaqachon ko‘nikib qolgan raqamlashtirish yetishmaydi.

O‘zbekiston kuchli bo‘lgan an’anaviy tarmoqlarni oladigan bo‘lsak, bu, birinchi navbatda, qishloq xo‘jaligi: sabzavot va meva yetishtirishdir. Ammo, shu bilan birga, qayta ishlov berish deyarli mavjud emas.

Mahalliy ishlab chiqaruvchilar o‘z mahsulotlarini Rossiyaga jo‘natishni afzal ko‘rishadi. Shu munosabat bilan, joyida qayta ishlashda bo‘shliq mavjud. U yerda siz hamma narsani ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishingiz mumkin: makarondan murabbogacha.

Mamlakat bozoriga qanday kirish mumkin

O‘zbekiston ishlab chiqaruvchilari o‘z bozorlari to‘yinganlikdan yiroq ekanini yaxshi bilishadi. Lekin, albatta, ular bilan raqobatlasha oladigan xorijiy brendlarning ustunlikka erishishiga yo‘l ochib berishmaydi. Ular xaridorni narxlar bilan ushlab turish uchun dempingga tayyor.

Shu sababli, xorijliklar, bozorning ma’lum segmentlarida iste’molchiga yetib borishlari mumkin bo‘lgan joyni izlashlari kerak.

Menga qozog‘istonlik ishlab chiqaruvchilar o‘z mahsulotlarini O‘zbekiston bozoriga qanday olib chiqqani haqida misol keltirishdi. Mamlakatda nordon sutdan tayyorlangan qattiq pishloqli qurt mashhur.

Bu mahsulot Qozog‘istonda ham ishlab chiqariladi. Ularning brendi O‘zbekiston bozoriga mahalliy brendga o‘xshash mahsulot bilan chiqishni rejalashtirgan, biroq bu tez amalga oshmadi.

Shunda kompaniya echki suti qurtini ishlab chiqara boshladi va bunday bilvosita raqobatchi bilan bozorning ma’lum ulushiga ega bo‘ldi.

Ya’ni, siz biroz boshqacha bo‘lgan mahsulotni ishlab chiqish ustida ishlashingiz kerak.

Mahsulotni bozorga moslashtirmasdan turib, O‘zbekiston bozoriga kirib bo‘lmaydi. Misol uchun, “Савушкин продукт“dan olingan “Брест-Литовскъ” saryog‘i O‘zbekistonda 180 grammlik hajmda emas, balki 1 kg yoki 0,5 kg.lik katta porsiyalarda sotiladi.

Gap shundaki, oilalar katta: o‘rtacha 6 kishidan iborat. Shuning uchun oziq-ovqat mahsulotlari ko‘pincha bunday oila uchun mo‘ljallangan katta o‘ramlarda sotiladi.

Yana bir muhim jihat — O‘zbekistonda o‘rtacha daromad darajasi Belarusnikidan pastligini hisobga olish kerak.

Shu bilan birga, mamlakatda aholining asosiy qismi va elita qatlami o‘rtasida jiddiy daromad farqi mavjud bo‘lib, ular, masalan, Belarusga qaraganda ko‘proq maosh oladigan ishbilarmonlar va top-menejerlarni o‘z ichiga oladi.

$6−10 minglik maosh hatto bo‘lim boshliqlari uchun ham normal holat hisoblanadi. Ammo o‘rtahol sinfni, ayniqsa, viloyatlarni oladigan bo‘lsak, ular oyiga $200−300 atrofida daromad ko‘rishadi.

Mamlakatda ko‘plab xususiy bog‘chalar, maktablar, xalqaro universitetlar filiallari, xususiy tibbiyot mavjud. Eng tez rivojlanayotgan bozorlardan biri — ko‘chmas mulkdir.

Toshkent bugun katta qurilish maydoniga aylandi. Kvartiralar, shuningdek, ofislar poydevor yotkizish uchun qilingan chuqurlar paytidanoq sotib olinadi. Vizual ravishda, binolar juda zamonaviy ko‘rinadi, mujmal panellar uchramaydi.

Qurilish va ko‘chmas mulk bozori rivojlanayotganligi sababli, ko‘plab tegishli sohalar ham rivojlanmoqda — mebel va eshiklardan tortib dizayn xizmatlarigacha.

Biznes uchun istiqbolli yo‘nalishlar. Go‘shtga ishlov berish va undan yarim tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni qayd etish mumkin.

O‘zbekistonda go‘sht bozori boshqa ko‘plab segmentlar qatori jadal rivojlanmoqda. O‘zbeklar ko‘p go‘sht iste’mol qiladilar. Bu yerda katta bozor bor, unga diqqat qilish kerak.

Biznes uchun ehtimoliy to‘siqlar

O‘zbekiston bilan biznes aloqalarini boshlashda e’tiborga olinishi kerak bo‘lgan o‘ziga xos xususiyatlar mavjud. Shunda ular to‘siqlarga aylanmaydi.

1. Rasmiyatchilik. Biz Belarusni byurokratiyadan holi bo‘lgan davlat deb atay olmaymiz. Lekin O‘zbekistondagi byurokratiya tezkor va sirlidir. Mamlakat hozir jadal isloh qilinmoqda. Masalan, qaysidir vazirlik tugatiladi, nomi o‘zgartiriladi, ikkiga ajratiladi. Yoki aksincha — tuzilmalar birlashtiriladi.

Natijada kimga murojaat qilishni bilmay qolasiz. Hatto mansabdor shaxslarning o‘zlari ham nimaga mas’ul ekanini tushunavermaydi. Biroq, ular yordam berishga doim tayyor, qo‘ng‘iroqlarga rozi bo‘lishadi, shaxsiy muloqot uchun “Telegram"larini berishadi.

Agar siz amaldorlar bilan munosabatlarni o‘rnatishga muvaffaq bo‘lsangiz, muammoni muvaffaqiyatli hal qilasiz.

2. Tez natijalarga, qisqa muddatli rejalashtirishga e’tibor qarating. O‘zbekistonlik ishbilarmonlar tez daromad ko‘rishni istashadi. Bu mamlakatda biznes juda yosh ekanligining natijasidir.

Statistikaga nazar tashlasak, 2017-yilgacha shartli ravishda 200 ming kompaniya bor edi, hozir esa 600 mingdan ziyod.

Har ikkinchi kompaniyaning umri taxminan 4 yil. Ular turli xil bizneslarni sinab ko‘rishadi, yangisini ochishadi, tezda yopishlari va yana yo‘llarida davom etishlari mumkin.

3. So‘rovlarga tezkor javob qaytarilmaydi. O‘zbekiston bilan ishlashda sabr-toqatli bo‘lish va ular sizning so‘rovingizga tezda yoki umuman javob berishmasligi mumkinligini tushunish muhimdir.

Bu ular siz bilan ishlashni xohlamaydi degani emas. Siz shunchaki qo‘ng‘iroq qilib, muloyimlik bilan bir-ikki yoki undan ortiq o‘zingizni eslatishingiz joiz. Bu ularga haqiqatan ham qiziqishingizni ko‘rsatishning bir usuli.

Men juda ko‘p kompaniyalar bilan gaplashdim va bu milliy tendensiya ekanligini payqadim. O‘ylaymanki, O‘zbekistonga borgan belaruslar uchun biror narsa ish bermagan bo‘lsa, muammo aynan muloqot va tezkor reaksiyani kutish bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Bu yerda “kelishilgan” bosqichdan “albatta kelishilgan” bosqichga o‘tish uchun bir nechta uchrashuvlar o‘tkazib, munosabatlar o‘rnatish kerak.

4. Tavsiyalar mamlakati. Mahalliy hamkasblar tomonidan tavsiya etilganlik yuqori darajadagi ishonchni anglatadi. Shunda siz ochiq muloqotga erishishingiz mumkin.

Mahalliy hamkorning bo‘lishi nihoyatda muhim. Busiz, boshqa davlatdan biznesning kelishi hech qanday samara bermaydi. Negaki, ular kontekstga kirishga va qo‘pol xatolardan qochishga yordam beradilar.

5. Ayollarning biznesda rahbarlik lavozimlariga kirishi oson emas. Ko‘pchilik ular bilan biznes qilishdan bosh tortishi mumkinligida ifodalangan diskriminatsiya mavjud.

Biznes — erkaklar ishidir degan tushuncha mavjud. Agar siz mahalliy ishbilarmon ayol yoki top-menejerni uchratsangiz, unda bilingki, u shafqatsiz erkaklar dunyosida omon qolishga muvaffaq bo‘lgan juda zo‘r mutaxassisdir.

6. Bu yerdagi kompaniyalarning taxminan 70%ida veb-saytlar yo‘q. Shuning uchun, agar siz, masalan, sut sanoati sohasida hamkorlar izlayotgan bo‘lsangiz, ularni oddiygina “Google” orqali topa olmaysiz. Bozorni yo o‘zbek tanishlar orqali o‘rganish kerak, yoki shaxsan mamlakatga kelib, joyida surishtiruv olib borib, korxonalarni aylanib chiqish lozim.

7. O‘zbekistonda reklamani targ‘ib qilish ko‘proq oynai jahon, tashqi reklama va “sarafan radiosi” orqali amalga oshiriladi. Muloqot o‘zbek tilida olib boriladi. Ijodiy reklama keng tarqalmagan bo‘lib, ko‘proq “buni sotib ol” qabilidagi oddiylik va soddalik qo‘llaniladi.

Agar sizda mamlakat past bosqichda, biznes yosh ekan, demak, bu yerda har kimni quchoq ochib kutib olishadi, degan fikr shakllangan bo‘lsa, yanglishasiz.

O‘zbekistonlik ishbilarmonlar vaziyatga yaxshi moslashishadi, ayrim tarmoqlar biroz boshqacha rivojlangan, ularning o‘ziga xos jihatlarini esa darhol aniqlab bo‘lmaydi.

Siz odamlarni chin dildan hurmat qilishingiz, ularga ochiq va halol munosabatda bo‘lishingiz hamda hech qanday holatda bema’nilikka yo‘l qo‘ymasligingiz kerak: bunday munosabat bilan siz hech narsaga erisha olmaysiz.