2022-yilning 6 oyida O‘zbekistonda ko‘chmas mulk bozorida savdo hajmi 6%ga o‘sdi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlillarida keltirilgan.

Unga ko‘ra, mazkur davrda 126 ming dona ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomalari rasmiylashtirilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich 2021-yilning mos davriga nisbatan 6%ga ko‘p.

Hududlar kesimida eng yuqori o‘sish sur’atlari Xorazm (24%), Buxoro (22%), Surxondaryo (16%), Jizzax (13%), Namangan (13%), Qashqadaryo (12%) va Farg‘ona (11%) viloyatlarida kuzatildi.

Ko‘chmas mulk oldi-sotdisining 28%i ipoteka kreditlari orqali rasmiylashtirilgan.

Ikkilamchi uy-joy bozorida narxlardagi eng katta o‘sish Toshkentda kuzatildi. Yil boshidan buyon poytaxtda narxlar 11,3%ga oshdi.

Bu ko‘rsatkich barcha tumanlarda qayd etilib, eng katta o‘sish Mirzo-Ulug‘bek (18,7%), Yakkasaroy (16%) va Yashnobod (14,3%)da kuzatildi.


Avvalroq “Spot” O‘zbekiston banklaridagi ipoteka kreditlari bo‘yicha ma’lumot to‘plagan edi.

Unga ko‘ra, iyul oyida banklar kreditni o‘rtacha 25% yillik stavka asosida taklif etmoqda. Dastlabki to’lov kamida 15% bo’lishi kerak.

Eng kam foiz stavkasi 17%, eng ko‘pi — 28%ni tashkil qiladi. Aksariyat hollarda dastlabki badal 25%dan, muddati esa 10 yildan ko’p bo‘lmasligi lozim.