“Toshkent” xalqaro aeroportining uchib ketish terminalida masofaviy bojxona nazorati tizimi ishga tushirildi. Bu haqda “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati xabar bermoqda.

Tizim nazorat kameralari va parvoz haqidagi oldindan olingan ma’lumotlarni tahlil qilish orqali yo‘lovchilar va ularning yuklarini tekshirish imkonini beradi.

Bojxona organlari real vaqt rejimida masofadan turib vaziyatni kuzatib, faqat zarur hollarda yo‘lovchilarni bojxona ko‘rigidan o‘tkazadi.

Bu esa xorijga otlangan yo‘lovchilarning bojxona nazoratidan tezroq va hech qanday kechikishlarsiz o‘tish imkonini beradi.

So‘nggi vaqtlarda Toshkent aeroporti yo‘lovchilar uchun qator qulayliklar yaratmoqda. Masalan, iyul oyida aeroport hududida bepul Wi-Fi ishga tushdi. Yo‘lovchilar #TASAirportUzcloud Wi-Fi tarmog‘i orqali Internetga ulanishlari mumkin.


Avvalroq, “Spot” “Uzbekistan Airports” O‘zbekistondagi “Duty Free” do‘konlari tarmog‘ida ulushga ega bo‘lgani haqida xabar bergandi.

Kompaniya “Central Asia Megastar"ning 23,3% ulushiga ega bo‘lish uchun 400 mln 344 ming so‘m to‘ladi.