1-iyul holatiga umumiy davlat qarzi $25,9 mlrd.ni tashkil etmoqda. Bu haqda Moliya vaziri o‘rinbosari Odiljon Isakov ma’lum qildi.

Shundan $23,2 mlrd davlat tashqi qarzi hisoblanadi. Bu asosan byudjetni qo‘llab-quvvatlash, infratuzilma, sanoat va qishloq xo‘jaligi loyihalariga yo‘naltirilgan.

Tashqi qarzning asosiy qismi davlat byudjetini qo‘llab-quvvatlashga ($6 mlrd), yoqilg‘i-energetika sohasini rivojlantirish ($5,6 mlrd) hamda transport va transport infratuzilmasi ($2,5 mlrd) kabi sohalarga yo‘naltirilgan.

Davlat qarzi qanday so‘ndiriladi

Moliya vaziri o‘rinbosariga ko‘ra, davlat g‘aznachilik obligatsiyalarini chiqarishni ko‘paytirish orqali qarzni so‘ndirishga erishiladi.

2019-yilda qariyb 600 mlrd so‘mlik davlat g‘aznachilik obligatsiyalari chiqarilgan, 2021-yilda 5 trln so‘mlik marraga yetgan.

2022-yilda esa bu ko’rsatkichni 6 trln so‘mga yetkazish ko‘zlangan.


Avvalroq “Spot” davlat obligatsiyalarini aholi uchun ham chiqarish rejalashtirilayotgani haqida yozgandi.

U yuridik shaxlarga chiqarilgan obligatsiyalar foiz stavkasidan 3−4% yuqori bo‘ladi.