Hukumat qarori bilan mualliflik huquqi obyektlarining elektron nazorat nusxalarini yagona bazada saqlash tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, 2023-yilning 1-aprelidan boshlab mualliflik huquqi obyektlarini saqlashga qabul qiluvchi tashkilotlar (depozitariylar) tomonidan mualliflik huquqi obyektlarining elektron nazorat nusxalari yagona bazada saqlanadi.

Yagona bazani yuritish, texnik ta’minlash hamda elektron nazorat nusxalarini bazaga kiritish jarayonlari “Intellektual mulk markazi” davlat muassasasi tomonidan muvofiqlashtiriladi.

Unda quyidagi mualliflik huquqi ob’ektlarining elektron nazorat nusxalari saqlanadi:

  • adabiy asarlar (adabiy-badiiy, ilmiy, o‘quv, publitsistik va boshqa asarlar);
  • drama va ssenariy asarlari;
  • matnli yoki matnsiz musiqa asarlari;
  • musiqali drama asarlari;
  • xoreografiya asarlari va pantomimalar;
  • audiovizual asarlar;
  • rangtasvir, haykaltaroshlik, grafika, dizayn asarlari va tasviriy san’atning boshqa asarlari;
  • manzarali-amaliy va sahna bezagi san’ati asarlari;
  • arxitektura, shaharsozlik va sahna bezagi san’ati asarlari;
  • fotografiya asarlari va fotografiyaga o‘xshash usullarda yaratilgan asarlar;
  • geografiya, geologiya xaritalari va boshqa xaritalar, geografiya, topografiya va boshqa fanlarga taalluqli tarhlar, eskizlar va asarlar;
  • barcha turdagi elektron hosoblash mashinalari uchun dasturlar.

Mualliflik huquqi obyektining elektron nazorat nusxalari yagona bazada muddatsiz saqlanadi.

Ularning bazaga kiritilganligi haqidagi ma’lumotlar tanishib chiqish uchun ochiq hisoblanadi.


Avvalroq “Spot” mualliflik huquqini buzayotgan saytlarning reyestri yuritilishi haqida yozgandi.