“Intellektual mulk sohasini yanada rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi Prezident qarori (PQ-221-son, 26.04.2022-y.) qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, Davlat bojxona qoʻmitasi Intellektual mulk ob’yektlarining bojxona reyestriga (Reyestr) kiritilgan tovar belgilari boʻyicha qonunchilik talablari buzilishi haqida xabar beradi.

Intellektual mulk huquqlarini himoya qilish boʻyicha texnik jihatdan tartibga solish va sohadagi qonunchilik talablariga qat’iy rioya etilishi Texnik jihatdan tartibga solish agentligi va Farmatsyevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi tomonidan amalga oshiriladi.

2022-yil 1-avgustdan quyidagi tekshirish va oʻrganishlar Adliya vazirligining “Sanoat mulki muhofazasi portali"dan foydalangan holda amalga oshiriladi:

  • ️sertifikatsiyalash organlari tomonidan sertifikatlashtirish jarayonidagi qoʻllanilgan nom, qadoqlar va boshqa rekvizitlarda intellektual mulk ob’yektlariga boʻlgan huquqlarni oʻrganish va tekshirish;
  • ️Farmatsyevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi tomonidan dorilar, tibbiy buyumlarni roʻyxatidan oʻtkazishda intellektual mulk ob’yektlariga boʻlgan huquqlarga rioya etilganligini tekshirish.

2022-yil 1-iyungacha sertifikatsiyalash bilan shugʻullanuvchi barcha organlar “Sanoat mulki muhofazasi portali"ga bepul ulanishi mumkin.

2022-yil 1-sentabrdan “Yagona darcha” bojxona tizimi orqali intellektual mulk ob’yektlarini Reyestrga kiritish toʻgʻrisidagi arizalarni elektron yuborish va ariza holatini onlayn kuzatib borish hamda natijasi boʻyicha arizachilarni xabardor qilish tartibi yoʻlga qoʻyiladi.

2023-yil 1-yanvargacha intellektual mulk ob’yektlarining auksion savdosini oʻtkazadigan “Intellektual mulk — barcha uchun” maxsus internet-auksion savdo platformasi ishlab chiqiladi.

2022-yil 1-oktabrgacha Internetda mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni buzgan veb-saytlar toʻgʻrisidagi ma’lumotlarni oʻz ichiga oluvchi “Mualliflik va turdosh huquqlar sohasidagi qonunbuzilishlar reyestri” axborot tizimi ishga tushiriladi.

Qaror bilan 2022−2026-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida intellektual mulk sohasini rivojlantirish strategiyasi tasdiqlandi.