O‘zbekistonda qulupnayni yil bo‘yi yetishtirishda Koreya texnologiyasi yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligining matbuot xizmati ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, loyihani amalga oshirish uchun Koreyaning “EPIS” agentligi bilan kelishuv amalga oshirildi.

Qiymati $3,7 mln bo‘lgan loyiha Koreya hukumatining grant mablag‘lari hisobiga moliyalashtiriladi hamda uni 2026-yilning dekabr oyiga qadar amalga oshirish belgilangan.

Loyihani amalga oshirish uchun Toshkent viloyati, Yuqorichirchiq tumani hududida joylashgan Agroxizmatlar markazida quyosh batareyalarida ishlaydigan qulupnay yetishtiruvchi zamonaviy issiqxona quriladi.

Bundan tashqari, koreyalik mutaxassislar tomonidan ko‘chatlar uchun issiqxona hamda yuqori sifatli qulupnay ko‘chatlarini yetishtirish bo‘yicha laboratoriya qurilib, jihozlanadi.

Bu orqali o‘zbek qulupnay mahsulotlarining ichki va tashqi bozorda brendingi va marketingi oshishiga ko‘maklashiladi.


Avvalroq “Spot” “Yangi Namangan shaharchasi” ishbilarmonlik markazi va turar joylar kompleksi tashkil etilishi haqida xabar bergandi.