“FlyNas” aviakompaniyasi Jidda-Toshkent-Jidda yo‘nalishida muntazam aviaqatnovlarni amalga oshiradi. Bu haqda Fuqaro aviatsiyasi agentligining matbuot xizmati xabar berdi.

Unga ko‘ra, bu bo‘yicha kompaniyaga tegishli ruxsatnoma berilgan.

Agentlik tomonidan joriy yilning 26-avgustida aviakompaniyaning 2021-yil 25-iyundagi 12-K-sonli ekspluatatsion ruxsatnomasiga muntazam reyslarni amalga oshirish uchun Jidda-Toshkent-Jidda yo‘nalishi kiritildi.

Aviakompaniya mazkur yo‘nalishda haftasiga uch marotaba parvozlarni amalga oshirishni rejalashtirgan.

“FlyNas” aviakompaniyasi muntazam parvozlarni Airbus 320 havo kemalarida amalga oshiradi.

Avvalroq “Spot” “Uzbekistan Airways” joriy yildan bir nechta davlatga aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yayotgani, yana ayrim yo‘nalishlar bo‘yicha parvozlar qayta tiklanayotgani haqida yozgandi.

Shuningdek, 2022-yil 25-iyundan “Uzbekistan Airways Express” Toshkent — Krasnoyarsk — Toshkent xalqaro yoʻnalishi boʻyicha ilk qatnovini amalga oshirgan edi.

20-avgustdan “Qanot Sharq” Toshkent-Farg‘ona-Moskva yo‘nalishida qatnovlarni yo‘lga qo‘ygandi.

Parvozlar shanba va yakshanba kunlari amalga oshiriladi.