Joriy yilning birinchi yarim yilligi davomida 270,4 mlrd so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklar oldi olindi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligining matbuot xizmati ma’lum qildi.

Shu bilan birga, ta’lim muassasalarida o‘tkazilgan 524 ta nazorat tadbirida 37,7 mlrd so‘mlik qonun buzilish holatlari aniqlanib, shundan 10,4 mlrd so‘mlik pul mablag‘lari o‘zlashtirilgani ma’lum bo‘ldi.

Surxondaryo viloyati Denov tumanida o‘tkazilgan nazorat tadbirida, ish haqiga nisbatan bankdan ortiqcha olingan 2,8 mlrd so‘m naqd pul mablag‘lari kassaga kirim qilinmasdan o‘zlashtirilgan.

Fuqarolarning shaxsiy kreditlarni so‘ndirish hamda omonatga joylashtirish orqali 6,9 mlrd so‘m mablag‘i talon-toroj qilingan.

Shuningdek, bakalavr va qayta tayyorlov diplomlari qalbakilashtirilishi hisobiga Jizzax viloyatida 1,9 mlrd so‘m, Sirdaryo viloyatida 1,8 mlrd so‘m, Buxoro viloyatida 1,4 mlrd so‘m, Qashqadaryo viloyatida 100 mln so‘m, jami 5,3 mlrd so‘m miqdoridagi budjet mablag‘lari noqonuniy sarflangan.

“Xalq ta’limi tizimiga ajratilgan mablag‘lar davlat budjetidan tegishli tashkilotlarga ajratilgan eng katta miqdor ko‘rsatkichga ega — qariyb 30 trln so‘m. Shu sabab, tizimda aniqlanayotgan moliyaviy xato va kamchiliklar soni shunga mutanosib ravishda katta miqdorni tashkil qiladi”, — dedi Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Temur Komilov.

Aniqlangan holatlar bo‘yicha huquqiy baho berish va qonuniy chora ko‘rish maqsadida jinoyat alomatlari bo‘lgan 37,6 mlrd so‘mlik o‘rganish materiallari huquq-tartibot organlariga taqdim etildi.