Toshkent viloyatida innovatsion vaksinalar markazi tashkil etiladi, xabar berdi Innovatsiya vazirligining matbuot xizmati.

Bu bo‘yicha vazirlik va Xitoyning “Luye Investment Group” kompaniyasi o‘rtasida memorandum imzolandi.

Unga ko’ra, 2023−2028-yillarda tashkil etilishi belgilangan innovatsion vaksinalar markazi loyihasining umumiy qiymati $100 mln.

U Markaziy Osiyoda yagona toʻliq siklli biotexnologik ishlab chiqish korxonasi boʻlib, mahalliy va MDH mamlakatlari bozorini yuqori texnologik mahsulotlar bilan taʼminlash imkonini beradi.

Loyiha doirasida gepatit A, gepatit B, papilloma, qizamiq, qoqshol va boshqa kasalliklar viruslarini davolashda ishlatiladigan umumiy hajmi $2 mlrd.ga teng boʻlgan 10 xil vaksinani yiliga 200 mln dozada ishlab chiqarish koʻzda tutilgan.

Bundan oldin “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasida “O‘zbekiston-Xitoy dori texnologiyalari parki” tashkil etilishi haqida xabar berilgandi.

Umumiy qiymati $10 mlnga teng bo‘lgan mazkur loyihani 2024-yilning yakuniga kelib ishga tushirish rejalashtirilgan.

Biznes-rejaga ko‘ra, 16 turdagi dori vositalarining substansiyalari keng miqyosda ishlab chiqariladi.