Koreya O‘zbekistonga $10 mln miqdorida grant mablag‘lari yo‘naltiradi. Bu haqda Innovatsion rivojlanish vazirligining matbuot xizmati xabar berdi.

Bu bo‘yicha vazirlik hamda Koreya yuqori texnologiyalar instituti o‘rtasida kelishuv imzolandi.

Unga ko‘ra, mablag‘lar O‘zbekistonda ekologik toza (CTG — siqilgan tabiiy gaz asosida) qishloq xo‘jaligi texnikasi platformasini yaratish uchun yo‘naltiriladi.

Loyiha 2022−2026-yillarda amalga oshirilishi belgilangan.

Jumladan, loyihani amalga oshirish maqsadida ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlari amalga oshiriladigan ekologik toza qishloq xo‘jaligi texnikasi markazi tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.

Unda siqilgan tabiiy gaz va boshqa atrof-muhit va insonlar salomatligi uchun zararli yoqilg‘ilarda ishlaydigan qishloq xo‘jaligi texnikalarini ekologik toza yoqilg‘iga o‘tkazish ustida tadqiqot ishlari olib boriladi.

Shuningdek, texnika vositalari modifikatsiya qilinadi, sinovda o‘tkaziladi va sertifikatsiyadan o‘tkaziladi.

Shu bilan birga, respublikadagi barcha qishloq xo‘jaligi texnikasini ekologik toza yoqilg‘iga o‘tkazish bosh rejasi tuzilib, ushbu yo‘nalishni rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan mutaxassislarni tayyorlash ustida ish olib boriladi.

Ekologik toza qishloq xo’jaligi texnikasi markazi Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida qurilishi nazarda tutilgan.


Avvalroq “Spot” Janubiy Koreya Yashnobod texnoparkiga $5 mln investitsiya ajratishi haqida yozgandi.