“IT Park” robototexnika bo‘yicha 18 yoshli mentor Suxrob Haydarov hikoyasini taqdim etdi.


Suxrob Haydarov 14−15 yoshida IT sohasiga qiziqa boshlagan. Uning ta’kidlashicha, uning ilhom manbai imkoniyatlar, karyera o‘sishi va sanoat istiqbollari haqida hikoya qiluvchi reklama videosi bo‘lgan.

“Bu sohadagi ilk qadamimni 2018-yilda qo‘yganman. IT — bu mening hayotim va men o‘z kasbimni tanlashda to‘g‘ri tanlov qilganimni tushunganman”, — deydi u.

Suxrob boshidanoq robototexnikaga qiziqish bildirgan, biroq bu yo‘nalishda mentor topish oson bo‘lmagani uchun turli onlayn platformalar orqali yo‘nalishni mustaqil o‘zlashtirishga qaror qilgan.

Biroq oldinda ehtiyot qismlari va detallar bilan bog‘liq muammolar bor edi. Mutaxassis ularni boshqa mamlakatlardan buyurtma qilib, ba’zida yetib kelguncha 90 kunlab kutishga to‘g‘ri kelganini aytadi.

Bunday qiyinchiliklarga hozirda duch kelishmaydi, chunki detallarni bemalol sotib olsa bo‘ladi.

Shuningdek, bu yo‘nalishni o‘rgatadigan o‘quv markazlari va uni o‘rgatadigan murabbiylar ham mavjud.

Suxrob ana shunday ustozlardan biri sifatida “IT Park” Toshkent filialida robototexnika bo‘yicha mentor bo‘lib ishlamoqda.

U avtonom va teleportatsiya qiluvchi robotlar uchun dasturlarni tuzadi.

“16 yoshimdan beri dars beraman, 300−400 dan ortiq o‘quvchilarim bor. 7 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan shogirdlarim bor. Ular elektronika, dasturlash, konstruksiyalash kabilarni o‘rganishmoqda”.

Suxrob robototexnika bo‘yicha 6 karra xalqaro musobaqalar g‘olibi:

  • “Robofest Russia” — 3-o‘rin;
  • “Robobrain Serbia” — 2-o‘rin;
  • “Youth Techno Art Tashkent” — 1-o‘rin;
  • “Roboday Bulgaria onlayn” — 1-o‘rin;
  • “Kazrobofest onlayn” — 1-o‘rin;
  • “WRO Hungary-Atsian” — 1-o‘rin;
  • “World skills — 3-o‘rin”.

Shuningdek,12-oktabr kuni Fransiyaning Bordo shahrida o‘tkaziladigan “WorldSkills International” 46-jahon chempionatida “IT Park” jamoasi qatorida Suxrob ham ishtirok etadi.

Hozir oyiga $1000 dan ziyod daromad topadigan qahramonimiz yosh bo‘lishiga qaramay, inson istasa, imkonsiz narsaning o‘zi yo‘qligini isbotlaydi.


Avvalroq “Spot” “Amazon"ga ishga kirgan Jahongir Rahmonov hikoyasini taqdim etgandi.