“Boston Consulting Group” (BGC) xalqaro boshqaruv konsalting kompaniyasi Toshkentda o‘z ofisini ochmoqda. Bu haqda kompaniya “Spot"ga ma’lum qildi.

Yangi “BCG” ofisining ochilishi kompaniyaning Markaziy Osiyo va Kaspiy dengizi mintaqalarida uzoq muddatli rivojlanish strategiyasining bir qismi hisoblanadi.

Konsalting kompaniyasi ham xorijiy, ham mahalliy mutaxassislarni jalb qilgan holda to‘laqonli markazga ega bo‘ladi.

O‘zbekistonda 2017-yildan beri faoliyat yuritib kelayotgan kompaniya tog‘-kon sanoati, neft-gaz, kimyo, transport logistikasi va qishloq xo‘jaligi hamda davlat sektori uchun qator loyihalarni amalga oshirdi.

“Mamlakat katta o‘zgarishlarni boshidan kechirmoqda, jadal sur’atlar bilan rivojlanib, ko‘z o‘ngimizda o‘zgarib bormoqda va biz bu o‘zgarishlarning bir qismi bo‘lganimizdan xursandmiz”, — dedi “BCG” Tashkent rahbari, kompaniya boshqaruvchi direktori va hamkori Rza Nuriyev.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi eng raqobatbardosh davlatlardan biriga aylanish imkoniyatiga ega.

Bu ijtimoiy soha, infratuzilma va barqaror rivojlanishga sarmoya kiritilishiga yordam berayotgani ta’kidlanmoqda.

Boston Consulting Group 1963-yilda tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda dunyoning 50 dan ortiq mamlakatlarida 90 dan ortiq ofislariga ega.