Mamlakatda innovatsion hamda investitsiya faoliyatini jadallashtirishga qaratilgan hukumat qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan, 2023−2026 yillarda Toshkent shahrida barpo etilgan “Inno” texnoparki shaklidagi texnoparklarni Nukus, Buxoro, Jizzax va Namangan shaharlarida bosqichma-bosqich barpo etish belgilangan.

Texnoparklarning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat bo‘ladi:

  • iqtidorli yoshlar, talabalar, ilmiy xodimlar, professor-o‘qituvchilarni innovatsion faoliyatga jalb etish;
  • biznes-inkubatorlar, tajriba maydonchalari tashkil qilish;
  • tashabbuskor yoshlarning startap loyihalarini rivojlantirish hamda ularni joriy etish va moliyalashtirish;
  • yetakchi xorijiy kompaniyalar vakillari, ekspertlar ishtirokida treninglar va mahorat darslari o‘tkazish.

Xususan, texnoparklarda 8 ta startap akselerator, 4 ta biznes inkubator, 4 ta ishlab chiqarish maydoni hamda 12 ta kovoring markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilishi belgilangan.

Shuningdek, Investitsiya loyihalari markazi tuzilmasida Ilg‘or loyihalar va injiniring markazi tashkil etiladi.


Avvalroq, Navoiy, Farg‘ona hamda Qoraqalpog‘istonda kimyo texnoparklari tashkil etilishi haqida xabar berilgandi.