Prezident qarori bilan Kadastr agentligi faoliyati takomillashtiriladi.

Unga ko‘ra, 2023-yildan boshlab agentlikning o‘zi hududiy tuzilmalari faoliyatini tashkil etishi mumkin.

Hududiy boshqarma va bo‘limlar faoliyatini moliyalashtirish respublika budjetidan amalga oshiriladi.

Hokimlar tomonidan hududiy bo‘limlar, Davlat kadastrlari palatasi hududiy boshqarmalari va tuman (shahar) filiallarining faoliyatiga aralashish yoki ta’sir o‘tkazish qat’iy taqiqlanadi.

2023-yilning 1-iyuligacha Kadastr agentligi organlariga taalluqli ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni “E-ma'muriy ish” tizimi orqali elektron ko‘rib chiqish imkoni yaratiladi.

Shuningdek, mazkur qaror bilan quyidagilar tashkil etildi:

  • Kadastr agentligi markaziy apparatida — Fazoviy ma’lumotlar milliy infratuzilmasini rivojlantirish boshqarmasi;
  • agentlikning hududiy boshqarmalarida — chegara masalalari bo‘yicha bosh mutaxassis lavozimi;
  • Toshkent geodeziya va kartografiya kollejida — Kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi;
  • “Geoinnovatsiya markazi” DUK tuzilmasida — qiyoslash va kalibrlash laboratoriyasi, doktorantura faoliyati, Fazoviy ma’lumotlar sohasida standartlash boshqarmasi hamda Ilmiy tadqiqot faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi.

Yangi o‘zlashtirilgan yerlar Qishloq xo‘jaligi vazirligi xulosasiga muvofiq viloyat hokimlari qaroriga asosan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar toifasiga kiritiladi.

Shuningdek qaror bilan 2023−2026 yillarda Kadastr agentligi faoliyatining asosiy prognoz ko‘rsatkichlari va uning moddiy-texnika bazasini takomillashtirish dasturi tasdiqlandi.

Unga ko‘ra agentlik 25 169 gektar yer uchastkalarini o‘lchab ularning elektron xaritalarini yaratadi.

Hukumat qarori bilan 2023-yilga qadar Kadastr agentligi tomonidan ochiq ma’lumotlar asosida ommmaviy geoportal ishga tushirilishi belgilangan.

Ochiq ma’lumotlar davlat boshqaruvi organlariga bepul, jismoniy va yuridik shaxslarga to‘lov asosida taqdim etiladi.

To‘lov summasi BHMning 5% miqdorida amalga oshiriladi.


Joriy yilning 1-sentabridan yer va turar joyga bo‘lgan huquqdan foydalanishda ayrim cheklovlar bekor qilingandi.