“Mulk huquqining daxlsizligini himoya qilish, mulkiy munosabatlarda asossiz aralashuvga yo‘l qo‘ymaslik hamda xususiy mulkning kapitallashuvini oshirishga qaratilgan prezident farmoni qabul qilindi.

Unga ko‘ra, joriy yilning 1-sentabridan yer va turar joyga bo‘lgan huquqdan foydalanishda ayrim tartiblar, talablar va cheklovlar bekor qilinadi.

Xususan, yerga bo‘lgan huquqlardan foydalanishda quyidagilar bekor qilinadi:

  • yerga bo‘lgan huquqning vujudga kelishiga asos bo‘lgan hujjatlarni bekor qilish orqali yerga bo‘lgan huquqni tugatish, mazkur hujjatlar faqat sud tomonidan bekor qilinishi yoki haqiqiy emas deb topilishi mumkin;
  • yerdan ixtiyoriy voz kechishni hukumat yoki hokimlik qarorlari bilan rasmiylashtirish (ixtiyoriy voz kechish to‘g‘risida notarial tasdiqlangan ariza huquqni bekor qilish uchun asos bo‘ladi);
  • yuridik shaxs tugatilishi bilan uning yeriga bo‘lgan huquqlarini bekor qilish;
  • yerni jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yishda kompensatsiya sifatida davlatning boshqa ko‘chmas mulkini berish, bunda ko‘p kvartirali uylardagi turar joy berilishi mumkin.

Turar joyga bo‘lgan mulkiy huquqlarni amalga oshirishda mulkiy huquqlarga yoki turar joy mulkdori bilan qarindoshlik aloqalariga ega bo‘lmaganlarni doimiy ro‘yxatdan chiqarish uchun ularning roziligini olish talabi bekor qilinadi.

Shuningdek, sud tomonidan turar joyga nisbatan insofli egallovchi deb topilgan jismoniy shaxsdan ushbu turar joyni unga nisbatan mulk huquqi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan boshlab 3 yil o‘tgach natura shaklida talab qilib olishi mumkin bo‘ladi.

2023-yildan boshlab Kadastr va ko‘chmas mulklarni ro‘yxatdan o‘tkazish integratsion axborot tizimi:

  • ko‘chmas mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarning davlat reyestri;
  • ko‘chmas mulk obyektlari haqidagi ma’lumotlar yuritiladigan;
  • ma’lumotlarining haqiqiyligi va ishonchliligi davlat tomonidan kafolatlanadigan yagona axborot tizimi hisoblanadi.

Bunda barcha davlat axborot tizimlari integratsiya qilinib, real vaqt rejimida onlayn ma’lumot almashinuvi yo‘lga qo‘yiladi.


Avvalroq mol-mulkka taqiq qo‘yilganligi to‘g‘risidagi elektron ma’lumotlar banki joriy etilishi haqida xabar berilgandi.