Turizm vazirligi Namangan viloyatining Nanay qishlogʻi va Surxondaryo viloyatining Boysun tumanida ikkita yirik sayyohlik majmuasini qurishni rejalashtirmoqda, deya xabar bermoqda “Spot” muxbiri.

“Nanay” turistik zonasidagi loyiha 67,5 gektar maydonda to‘rtta turistik zonada to‘rt bosqichda amalga oshiriladi va jami $200 mln sarmoya kiritiladi.

  • birinchi zonada 920 oʻrinli ikkita besh yulduzli mehmonxona, 1174 oʻrinli 78 ta hashamatli villa, 9 ming kvadrat metrlik savdo markazi va umumiy maydoni 14,5 gektar boʻlgan restoranlar boʻladi;
  • “Nanay” kichik turistik zonasida to‘rt va besh yulduzli mehmonxonalardan tashqari 27,9 gektar maydonga ega konsert zali va hunarmandchilik markazi quriladi;
  • uchinchi zona “Zarkent"da kongress-xoll va fud-kortga ega turar joy obyekti bo‘ladi;
  • “Paramon” logistika zonasida tashrif buyuruvchilar boshqa to‘rt yulduzli mehmonxonaga kirishlari, yoqilg‘i quyish shoxobchasi xizmatlaridan foydalanishlari va ko‘rgazma markaziga tashrif buyurishlari mumkin bo‘ladi.

Ikkinchi loyiha esa Surxondaryo viloyati Boysun tumanida toʻrt bosqichda, umumiy maydoni 138,8 gektar boʻlgan uchta turistik zonada amalga oshiriladi.

Mazkur loyihaga ajratiladigan sarmoyalarning umumiy hajmi ham $200 mln.ni tashkil etadi.

Bu yerda mehmonxonalar, restoran va kafelardan tashqari koʻp funksiyali konferens-zal, ot sporti majmuasi, masjidlar, soatiga 1,2 ming kishiga moʻljallangan kanat yo‘li quriladi.