Jahon Oltin Kengashining (WGC) ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning uchinchi choragida dunyo markaziy banklari valyuta zaxiralari uchun 399,3 tonna oltin sotib olgan.

Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan to‘rt baravar ortgan.

Turkiya oltin xaridida asosiy xaridorga aylandi — uchinchi chorakda mamlakat sotib olgan oltin hajmi 30 tonnani tashkil etdi.

O‘zbekiston bu davrda zaxiralarini 26 tonnaga oshirish bilan ikkinchi o‘rinni egalladi. Hozir mamlakatning oltin zahiralari 381 tonnadan ortiq (umumiy zahiraning 59%).

Undan keyingi kuchli uchlikni 15 tonna oltin xaridi bilan Qatar yakunladi.

O‘zbekiston avgust oyida ham oltin sotib oluvchilar TOP-3 ligiga kirgandi. Xususan, mamlakat oltin zaxiralarini 9 tonnaga oshirib, Turkiyadan keyingi ikkinchi oʻrinni egalladi.

Bundan tashqari Oʻzbekiston joriy yilning ikkinchi choragida 26,4 tonna oltin xaridi bilan uchinchi oʻrinda edi.

Oktabr oyida O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari $500 mln.ga kamaygandi. Natijada zaxiralar hajmi $33,4 mlrd.ni tashkil etdi.