Prezident Shavkat Mirziyoyev iqtisodiyot tarmoqlariga yo‘naltirilgan imtiyozlar samaradorligi tahlili bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Yig‘ilishda imtiyozlarning samaradorligini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

“So‘nggi yillarda iqtisodiyot tarmoqlariga turtki berish uchun ilgari tariximizda bo‘lmagan imtiyozlarni joriy etishga majbur bo‘ldik. Budjetdan ajratilgan har bir so‘mning hisob-kitobini joyiga qo‘yish, imtiyozlarning samaradorligini oshirish zarur”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shundan kelib chiqib, Bosh vazir o‘rinbosari va moliya vaziriga barcha imtiyoz va subsidiyalarning natijadorligi ko‘rsatkichlarini belgilab, ulardan samarali foydalanish bo‘yicha qat’iy nazorat tizimini joriy etish topshirildi.

Jumladan hisob palatasida monitoring bo‘limi tashkil etib, imtiyozlar samaradorligini doimiy tahlil qilib borish vazifasi qo‘yildi.

Soliq va bojxona imtiyozlarini xatlovdan o‘tkazib, samarasizlarini bekor qilish, xorijiy va mahalliy investorlar uchun berilgan imtiyozlarni bir xillashtirish zarurligi ta’kidlandi.

Shuningdek, davlat rahbari soliq imtiyozlarini hududlarning rivojlanish darajasidan kelib chiqib belgilash bo‘yicha ko‘rsatma berdi.

“Endi joylarga borib, manzilli qarorlar qabul qilib, imtiyozlardan to‘g‘ri foydalanib, chekka-chekka tumanlarni ham rivojlanish yo‘liga olib chiqish kerak”, — dedi prezident.

Subsidiyalar bo‘yicha yagona ochiq portal yaratib, barcha imtiyozlarni bosqichma-bosqich shu orqali berish taklifi bildirildi.


Avvalroq prezident Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazgandi.