Toshkent viloyatining Quyichirchiq tumani “Surum” MFY hududida kunlik quvvati 1 mln metr kubdan ziyod oqova suv tozalash inshooti quriladi. Bu haqda “O‘zsuvta'minot"ning matbuot xizmati xabar berdi.

Unga ko‘ra, “O‘zsuvta'minot” va BAAning “Abu Dhabi Sewerage Services” (ADSSC) kompaniyasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.

Qurilish ishlari “Toshkent shahrining oqova suv tizimini yaxshilash” loyihasi doirasida amalga oshirilishi belgilangan.

Uchinchi oqova suv nasos stansiyasi, “Bektemir” va “Binokor” suv tozalash inshootlariga kelayotgan oqova suvlarni o‘zi oqar tarzda inshootga qabul qilish imkoniyatini beradi.

Natijada sutkasiga jami 55,4 kVt elektr energiyasi tejaladi, deyiladi xabarda.

Yangi oqova suv inshootining birinchi bosqichi yakunlanganidan so‘ng, Sergeli, Bektemir va Yangihayot tumanlaridagi 400 mingdan ortiq aholi, korxona va tashkilotlar markazlashgan oqova suv xizmati bilan qamrab olinadi.

Abu Dhabi Sewerage Services” kompaniyasi 2005-yili tashkil etilgan.

Kompaniya missiyasi Abu-Dabi amirligidagi barcha turar-joy va aholi punktlaridan oqova suvlarni yig‘ish va tozalash, shuningdek xo‘jaliklarning qattiq va suyuq maishiy chiqindilarini xavfsiz utilizatsiya qilishga qaratilgan.

2010-yili “ISO 9001”, “ISO 14001” va “OHSAS 18001” xalqaro sertifikatlarini olgan.


Avvalroq Chirchiqda oqova suv tozalash inshootini tiklashga $22,2 mln yo‘naltirilishi xabar qilingandi.