Qimor va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish, o‘tkazish va targ‘ib qilish bilan bog‘liq tegishli hujjatlarga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha qonun loyihasi muhokamaga qo‘yildi.

Mazkur qonun bilan qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish, o‘tkazish hamda ishtirok etish bilan bog‘liq noqonuniy faoliyat uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik kuchaytirilmoqda.

Bundan tashqari, bu kabi mahsulotlarni O‘zbekiston hududiga olib kirish, uni reklama qilish, namoyish etish, shu jumladan OAV hamda ijtimoiy tarmoqlarda reklama qilish, namoyish etish hamda tarqatish uchun javobgarlik belgilanmoqda.

Bu kabi harakatlar ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilsa, BHMning 400 baravaridan 600 baravarigacha jarima undirilad yoki 360 soatgacha majburiy jamoat ishlariga jalb qilinadi.

Bundan tashqari 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishi belgilangan.

agar mazkur harakatlar takroran, xavfli retsidivist yoki bir guruh shaxslar tomonidan sodir etilsa, 360 soatdan 480 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Qonun loyihasida voyaga yetmaganlarni qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarga jalb qilish harakatlari ham keltirilgan.

Bu kabi mahsulotlarni tayyorlagan, reklama qilgan va namoyish etgan fuqarolar BHMning 50 baravaridan 400 baravarigacha, mansabdor shaxslar esa 100 baravaridan 450 baravarigacha jarima tortiladi.

Qonun loyihasining muhokamasi 25-noyabrgacha davom etadi. Fikr va mulohazalarni havola orqali bildirish mumkin.

Avvalroq axborot texnologiyalaridan foydalanib firibgarlikni sodir etganlik uchun javobgarlik kuchaytirilgandi.

Unga ko‘ra, mazkur jinoyatni sodir etganlar BHMning 300 baravaridan 400 baravarigacha jarima yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish hamda 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosiga tortiladi.