14−20 noyabr kunlari O‘zbekiston tovar-xomashyo birjasi tomonidan ochiq birja savdolari orqali jami 2,3 trln so‘mlik tovar resurslari sotildi. Bu haqda kompaniyaning matbuot xizmati ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, mahsulotlar sotuvchi korxonalar tomonidan tasdiqlangan jadvallar asosida birja savdolariga qo‘yildi.

O‘tkazilgan savdo natijalariga ko‘ra, birjaning shakar bozori narx bo‘yicha pasayish kuzatildi.

Hafta davomida birja savdolariga 10 ming tonna shakar qo‘yilib, shundan 9 ming 950 tonnasi — 99,5%i sotildi.

Shakarning barcha kategoriyasi bo‘yicha shakllangan kunlik o‘rtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 10,6 mln so‘mdan 10,5 mln so‘mgacha pasaygan.

Bundan tashqari mahalliy shakarning TS-2 — kategoriyasi bo‘yicha narx mahsulotning bir tonnasi uchun 10,8 mln so‘mni tashkil etdi.

Birjaning bug‘doy bozoridagi narxlari ham pasayishni qayd etdi.

O‘tgan haftada birja savdolari orqali 34 ming 776 tonna bug‘doy sotildi. O‘rtacha kunlik sotuv hajmlari 6 ming 955 tonnani tashkil qildi.

Bug‘doyning kunlik o‘rtacha narxlari mahsulotning bir tonnasi uchun 3,5 mln so‘mgacha pasaygan.

Shuningdek, birjaning omuxta yem bozorida narxlar pasayishi qayd etildi.

O‘tgan hafta mobaynida birja savdolarida 24 ming 538 tonna omuxta yem qo‘yilib, undan 8 ming 244 tonnasi, ya’ni 33,6% qismi sotildi.

Narxlar omuxta yemning bir tonnasi uchun 2,1 mln so‘mdan 2 mln so‘mgacha pasaydi.