Avvalroq “Spot” Hindistonning “Aakash Healthcare” kompaniyasi Toshkentdagi “Asia Med Center” xususiy klinikasini $4 mln.ga sotib olgani haqida yozgandi.

23-noyabr kuni mazkur klinikaning Toshkentdagi filiali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.

Mazkur tibbiyot muassasasi 50 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, keng ko‘lamli tibbiy xizmatlarni taklif etadi.

Asosiy profili ortopediya, ona va bola salomatligi, shuningdek, Hindistondagi o‘zbeklar orasida talab katta bo‘lgan jigar va buyrak sohalari bo‘ladi.

Shuningdek, unda endokrinologiya, nevrologiya, fizioterapiya, kardiologiya, urologiya, umumiy jarrohlik, neyroxirurgiya, stomatologiya va boshqa qator bo‘linmalar faoliyat yuritadi.

Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi oʻrinbosari Amrillo Inoyatov Hindiston klinikasi O‘zbekistonga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati bo‘yicha zamonaviy standartlarni o‘rnatishiga ishonch bildirdi.

“„Aakash Healthcare“ shifoxona negizida O‘zbekiston va MDH mamlakatlari rezidentlari uchun sog‘liqni saqlashning yangi ekotizimini” yaratadi", — dedi kompaniya bosh direktori Aashish Choudri.

Shuningdek, Hindiston tomoni mahalliy shifokorlar va yordamchi tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish, ularni xorijiy sog‘liqni saqlash amaliyotiga o‘qitishni rejalashtirmoqda.

“Boshqa davlatda yangi shifoxona ochish oson ish emas. Ammo jamoamiz sa’y-harakatlari, O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash va Tashqi ishlar vazirliklari rahbariyati va ko‘magi bu orzuni ro‘yobga chiqarishga yordam berdi”, — dedi “Aakash Healthcare” MDH loyihalari bo‘yicha vitse-prezidenti Vikramjit Singx.

Yangi klinika O‘zbekistondagi to‘liq hind investorlari nazorati ostida va Hindiston standartlari asosida faoliyat yurituvchi birinchi yirik muassasa bo‘ladi.