Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida yangi xizmat ishga tushirildi.

Endi qishloq hududlarida xorijiy tillarni oʻqitish faoliyatini yoʻlga qoʻymoqchi boʻlgan nodavlat ta’lim tashkilotlari ham bir martalik subsidiya olish uchun onlayn ariza topshirishlari mumkin.

Buning uchun talabgorlar kalendar yilning har choragi birinchi oyining 10-sanasiga qadar portaldagi tegishli xizmatni tanlab, ariza yuborishlari kerak.

Bu turdagi subsidiya quyidagi maqsadlarda ajratiladi:

  • bino va oʻquv xonalarini zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalari, mebel, asbob-uskunalar, oʻqitishning texnik vositalari va boshqa anjomlar bilan jixozlashga;
  • zarur darsliklar, oʻquv-metodik adabiyotlar va boshqa kutubxona-axborot resurslari hamda vositalari bilan ta’minlash, ta’lim jarayonini tashkil etishga jalb etiladigan pedagog kadrlar mehnatiga haq toʻlashga.

Xizmatdan foydalanishda quyidagi hujjatlar talab etiladi:

  • 2 yilga mo’ljallangan biznes reja;
  • mahsulot yetkazib berish yoki ishlarni, xizmatlarni bajarish to‘g‘risida tuzilgan xoʻjalik shartnomalari;
  • pedagog kadrlar bilan tuzilgan mehnat shartnomalari;
  • pedagog kadrlarning xorijiy tilni bilish darajasini tasdiqlovchi sertifikatlari;
  • ta’lim jarayonida foydalanilayotgan bino yoki oʻquv xonalarining ijara shartnomasi (koʻchmas mulk ijarasi asosida faoliyat yuritayotgan nodavlat ta’lim tashkilotlari uchun).

Avvalroq “Spot” hujjatlarga apostil qo‘yish uchun arizalarni Yagona portal orqali onlayn jo‘natish mumkinligi haqida yozgandi.