Yevropa Ittifoqi sanksiyalarning to‘qqizinchi paketi doirasida Rossiyaning yana uchta banki uchun “SWIFT” o‘tkazmalarini taqiqlashi mumkin, deya xabar bermoqda “The Financial Times” nashri.

Xabarda nashr Rossiyaning qaysi kredit tashkilotlari haqida gap ketayotganiga aniqlik kiritmagan.

Hozirda mamlakatning o‘nta banki, jumladan, eng yiriklari ham “SWIFT” tizimidan uzilgan. Bular, “Sberbank”, “VTB”, Moskva kredit banki, “Rosselxozbank”, “Otkritie banki”, “Rossiya banki”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank”, “Novikombank” va “VEB.RF”.

Shuningdek, Yevropa Komissiyasi tominidan Rossiyaning tog‘-kon sanoatiga yangi sarmoya kiritish taqiqlanishi mumkin.

Rasmiylar yaqin kunlarda ittifoqga a’zo davlatlar bilan bu masalani muhokama qilishni va kelgusi hafta oxirigacha kelishib olishni rejalashtirgan.

“Ba'zi maxsus mahsulotlar uchun imtiyozlarga ega bo‘lgan tog‘-kon investitsiyalarini taqiqlash Yevropa Ittifoqining to‘qqizinchi sanksiyalar paketining bir qismidir”, deb yozadi nashr.

Yevropa Ittifoqi 27 ta davlatining bir ovozdan ma’qullanishini talab qiladigan va hali ham o‘zgarishi mumkin bo‘lgan paket, Bryussel Rossiya qurol zavodlarini qo‘llab-quvvatlash uchun foydalanadigan texnologiyalarga eksport nazoratini kuchaytirishni va qo‘shimcha 180 kishiga qarshi sanksiyalarni o‘z ichiga oladi.

“Politico” gazetasi YeIning Rossiyaga qarshi sanksiyalarining to‘qqizinchi paketi texnologiya, moliya va ommaviy axborot vositalari sohalariga ta’sir qilishi mumkinligini xabar qildi.

Gazetaning yozishicha, ittifoq davlatlari kelasi hafta bo‘lib o‘tadigan Tashqi ishlar kengashi yig‘ilishi va YeI sammiti oldidan ham bir to‘xtamga kelishi mumkin.

Yevropa Ittifoqi AQSh, Buyuk Britaniya va boshqa G‘arb davlatlari bilan birgalikda Rossiyaga qarshi banklar, mudofaa kompaniyalari, neft va gaz ishlab chiqaruvchilar hamda mamlakat iqtisodiyotining boshqa tarmoqlari, shuningdek, yuzlab hukumat amaldorlari, tadbirkorlar, jurnalistlar va boshqalarga qarshi sakkizta sanksiya paketini joriy qilgandi.

Avvalroq “Financial Times” nashri O‘zbekiston Yevropa Ittifoqidan Alisher Usmonovga qarshi sanksiyalar bekor qilinishini so‘ragani haqida yozgandi.